Ta’lim va amaliyot uyg‘unligi: texnikum o‘quvchilari Markazda

Boyovut tumani politexnikumi o‘quvchilari Sirdaryo viloyati Agroxizmatlar markazida bo‘lib, Markaz faoliyati hamda zamonaviy agrotexnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar.

Tashrif davomida o‘quvchilarga Markaz binosi atrofida tashkil etilgan DEMO maydonchada yetishtirilayotgan ekin navlari, yuqori hosil olish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar hamda mavjud laboratoriyalar faoliyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

DEMO maydonchada jami 44 ta boshoqli don navlari (30 ta yumshoq bug‘doy, 5 ta qattiq bug‘doy, 6 ta arpa, 2 ta tritikale, 1 ta javdar) ekilgan. Shuningdek, Germaniya–O‘zbekiston hamkorlik dasturi doirasida raps, moyli turp, beda, faseliya, qishki no‘xat, burchoq, Italiya raygressi hamda omuhta ekinlar, yangi mevali daraxtlar (Zaytun, Funduk va Anjirning 3 ta navi), sabzavot ekinlari (sarimsoq piyoz, piyoz, kashnich, ukrop va ismaloq) parvarishlanmoqda.

Tashrif davomida tuproq unumdorligini oshirish maqsadida biochar va jivamridni dala sharoitida tayyorlash va uning ahamiyati haqida ham ma’ruza qilindi.

Markaz rahbari va mutaxassislari tomonidan yangi texnologiyalar va qishloq xo‘jaligi texnikalari haqida ma’lumotlar berilib, o‘quvchilarga amaliyotni aynan shu yerda o‘tash imkoniyati mavjudligi ta’kidlandi.

Bunday amaliy tashriflar yoshlarning bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Прокрутить вверх