Ayni daqiqalarda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori Shuhrat Otajonov boshchiligida Respublika agroxizmatlar markazi mas’ullari hamda tizimdagi ilmiy-tadqiqot institutlari direktorlaridan iborat ishchi guruh Sirdaryo viloyati agroxizmatlar markazida yig‘ilish o‘tkazmoqda.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Sirdaryo viloyati agroxizmatlar markazini zamonaviy talablarga javob beradigan namunaviy markazga aylantirishdir. Shuhrat Otajonov markazni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va hududdagi fermer xo‘jaliklariga sifatli agroxizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilish davomida ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlariga Sirdaryo agroxizmatlar markazi hududida o‘z yo‘nalishlariga mos namoyish maydonchalarini tashkil etish topshirig‘i berildi. Ushbu maydonchalar orqali fermerlarga yangi ishlanmalar, innovatsion yondashuvlar va yuqori samarali agrotexnologiyalar amaliy tarzda namoyish etiladi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar markaz infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdi, mavjud sharoitlarni baholab, kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalarni belgilab oldi.
Mazkur tashabbus nafaqat Sirdaryo viloyatida, balki respublika miqyosida ham agrar sohani yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.



