Markaz haqida

Agrar sektorni rivojlantirish maqsadida, 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni asosida, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi qabul qilindi.

Qolaversa, joriy yil “Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimini 2021–2025 yillarda ustuvor rivojlantirish konsepsiyasi” ham tasdiqlandi. Konsepsiya doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tashkil etildi.

2021–2022 yillarda Milliy markazning Respublika agroxizmatlar markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar agroxizmatlar markazlari, 2022 yildan boshlab esa bosqichma-bosqich qishloq tumanlarida Milliy markazning tuman agroxizmatlar markazlari paydo bo‘ladi.

Xo‘sh, AKIS tizimining o‘zi qanday? AKIS – bu O‘zbekiston agrar sohasida bilim va ma’lumotlarni ishlab chiqish, ularni soha ishtirokchilari orasida keng joriy etish orqali, qishloq xo‘jaligida tub burilish yasash, sohani rivojlangan davlatlar darajasiga olib chiqish degani. Tizim qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bilan shug‘ullanuvchi barcha darajadagi davlat, xususiy va jamoat tashkilotlari o‘rtasida munosabatlarni mustahkamlashga asoslanadi.

Bugungi kunda aksariyat fermerlar asosan ish vaqtida tajriba yig‘adi. Ular yo‘l-yo‘lakay ota-onasi, yaqinlari va hamkasblaridan ham o‘rganib boradi. Qolaversa, mamlakatda qishloq xo‘jaligi sohasiga ixtisoslashtirilgan bir qator oliy va o‘rta maxsus ta’lim dargohlari mavjud.

Fermerlar o‘z faoliyati davomida marketing ishlari, yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash, yerga bo‘lgan huquq, suv ta’minoti, sug‘oriladigan suv sifati, suvni tejash, tuproq hosildorligi, asbob-uskunalar muammosi, kredit masalalari, urug‘ tanlash, eroziyaga qarshi kurashish, o‘simliklarni himoya qilish kabi ko‘plab savollarga duch keladi.

Zamonaviy qishloq xo‘jaligi sohasida bir an’ana bor. Ba’zi texnologiyalar, agrokimyoviy moddalardan foydalanish oqibatida, arzon mahsulot ishlab chiqarishga erishilsa-da, ammo tuproq va suvga jiddiy zarar yetadi.

AKIS tizimi doirasida xorijda va O‘zbekistonda joylashgan qishloq xo‘jaligi maslahat xizmatlari tomonidan zaruriy maslahatlar beriladi, dalaning o‘zida tushuntirish ishlari olib boriladi, savdo kompaniyalari yoki soha mutaxassislari tomonidan ilmiy adabiyotlar, turli videofilmlar, o‘quv qo‘llanmalar taqdim etiladi. AKIS maslahatchilari agrar sohada tegishli ta’lim olgan va yaxshi tajriba yiqqan bo‘lishlari shart. Chunki ularning maslahatlari fermer va dehqonlar uchun samarali hamda foydali bo‘lishi lozim. Tavsiyalar shuningdek, ilmiy tadqiqotlar natijalari, yetkazib beruvchi kompaniyalar tajribasiga asoslanishi lozim. Qolaversa, tajribali fermerlarning maslahatlaridan ham foydalanishni esdan chiqarmaslik kerak. AKIS tizimidagi agrar soha tadqiqotlari avvalo, fermerlar va agrobiznes sohasi ehtiyojlariga asoslanadi.

O‘z navbatida agrobiznesning ham AKIS tizimi oldiga qo‘yadigan talablari bor. Agrobiznes uchun fermer xo‘jaliklaridan yetkazib beriladigan mahsulotlarning bir xilligi, sifat barqarorligi, mahsulotni ishonchli saqlash sharoitlari muhim.

Jamiyat yuqori sifatli mahsulotga muhtoj, uning uchun oziq-ovqat zahirasi katta ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, har birimiz atrof-muhit, suv ta’minotiga zarar yetkazmaydigan, suvni tejaydigan, tuproq eroziyasini kuchaytirmaydigan, yovvoyi tabiatga salbiy ta’sir qilmaydigan va iqlim muammolarini chetlab o‘tmaydigan jadal rivojlanuvchi qishloq xo‘jaligi sari qadam tashlashni xohlaymiz.

AKIS tizimi fermerlar va jamiyat o‘rtasidagi manfaatlarning muvozanatli tahliliga asoslanadi. Tizimning agrar soha, agrar ta’lim va ilm-fan yo‘nalishidagi maslahat xizmatlari asosan yetkazib beruvchi korxona vakillari tomonidan taqdim etiladi. Bunday maslahatlarda fermerlar, agrobiznes va jamiyat ehtiyoji to‘g‘ri tahlil qilingan bo‘lishi kerak. Demak, AKIS tizimi fermerlar, agrobiznes va jamiyat ehtiyojini to‘g‘ri baholash asosida ishlab chiqiladi.

Umuman olganda, AKIS – bu nafaqat bilim va ilm-fan, ta’lim hamda ishlab chiqarish integratsiyasi hisoblanadi, balki fermerlar, agrobiznes va jamiyatning haqiqiy ehtiyojlarini har tomonlama tahlil qilishni nazarda tutadi. Fermerlar va jamiyat AKIS tizimining O‘zbekiston agrar sohasidagi integratsiyasida faol ishtirok etsagina, maqsadga to‘liq erishish mumkin. Bu yo‘lda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi barchani qo‘llab-quvvatlashga va mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasining barqaror rivojlanishi yo‘lida kafil bo‘lishga tayyor.

Прокрутить вверх