Joriy yilning 16-yanvar kuni Koreya Respublikasining Seul shahrida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktor o’rinbosari Akmal Tulanov hamda Midbar Co Ltd bosh menejeri Joseph Lee bo’lib o’tgan uchrashuvda O’zbekistonda zamonaviy issiqxonalar tizimi — AirFarm texnologiyasini joriy etish masalasi muhokama qilindi.
Mazkur texnologiya aeroponika asosida ishlovchi energiya tejamkor issiqxona tizimi bo’lib, yil davomida barqaror hamda yuqori hosil olish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunida qiymati $150 ming bo’lgan 4 ta AirFarm uskunasini O’zbekistonga beg’araz taqdim etish bo’yicha kelishuvga erishildi.
Uskunalar Qishloq xo’jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga (1 ta) hamda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga (3 ta) o’rnatilib, ularda salat bargi, ko’katlar va mahalliy kartoshka navlari yetishtiriladi.
Shuningdek, fermerlar va sohaviy mutaxassislar uchun aeroponika texnologiyasini amaliyotda qo’llash bo’yicha ikki haftalik amaliy o’quv darslari tashkil etiladi.
Mazkur tashabbus qishloq xo‘jaligida innovatsion yondashuvlarni joriy etish hamda barqaror ishlab chiqarishni ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi.







