Toshkent viloyati Agroxizmatlar markazi

Toshkent viloyati Agroxizmatlar markazi tomonidan Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, hamda Oʻsimliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlaridagi ilg‘or fermer xo‘jaliklari vakillari uchun innovatsion va yuqori samarali intensiv agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amaliy seminar-trening o‘tkazildi.

Tadbirda qatnashgan fermerlar va qishloq xo‘jaligi mutaxassislari xorijiy g‘o‘za navlari ekilgan maydonlarda xo‘rak-qochoq maydonlari, himoya belbog‘lari va boshqa agrotexnik choralarni tashkil etish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar bilan tanishtirildi. Tajriba maydonlarida olib borilgan kuzatuvlar asosida ilmiy asoslangan agrotexnik tavsiyalar taqdim etildi.

Trening davomida ishtirokchilarga hosildorlikni oshirish, resurslardan samarali foydalanish, kasallik va zararkunandalarga qarshi integratsiyalashgan kurash usullari, tuproq unumdorligini saqlash kabi masalalarda amaliy bilimlar va ilg‘or tajribalar yetkazildi.

Shuningdek, institut olimlari tomonidan ishlab chiqilgan yangi g‘o‘za navlarining mahalliy iqlim va tuproq sharoitiga mosligi, ularning pestitsidlarga bo‘lgan chidamliligi hamda agrotexnik afzalliklari bo‘yicha ilmiy-amaliy tahlillar muhokama qilindi.

Bu kabi seminar-treninglar fermerlar bilim va ko‘nikmalarini oshirish, innovatsion yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish orqali qishloq xo‘jaligi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Прокрутить вверх