Chirik piyoz hamda archilgan piyoz po‘stlog‘ini shunchaki chiqindiga tashlash o‘rniga, ulardan organik o‘g‘it tayyorlash mumkin. Chunki ular tarkibida tuproq uchun foydali bo‘lgan organik moddalar va mikroelementlar mavjud.
Piyoz chiqindilari kompost holiga keltirilganda tuproq unumdorligini oshiradi, namlikni yaxshi ushlab turadi, o‘simlik ildizining rivojlanishiga yordam beradi hamda ekologik toza o‘g‘it vazifasini bajaradi.
— Ayniqsa, piyoz po‘stlog‘i tarkibidagi tabiiy moddalar tuproq mikroflorasini yaxshilashga xizmat qiladi. Ammo chirik piyoz va piyoz po‘stlog‘ini dalaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashlash tavsiya etilmaydi. Sababi, chirish jarayonida zamburug‘ va zararli bakteriyalar paydo bo‘lishi mumkin.
Shu sababli piyoz chiqindilarini avvalo saralash, maydalash, somon, barg yoki go‘ng bilan aralashtirib, maxsus joyda kompost qilish lozim bo‘ladi. Fermentatsiya jarayoni to‘g‘ri tashkil etilganda bir necha oy ichida sifatli organik o‘g‘it hosil bo‘ladi.
Bunday chiqindilarni qayta ishlamasdan chorva mollariga yem sifatida berish ham tavsiya etilmaydi. Chunki ayrim hollarda hazm bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin.
Chirik piyoz va piyoz po‘stlog‘ini qayta ishlash orqali chiqindilar hajmi kamayadi, ekologiyani asrashga xizmat qilinadi hamda fermer xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha foyda manbai yaratiladi.
Shunday ekan, piyoz chiqindilaridan oqilona foydalanish orqali ekologik va iqtisodiy samaradorlikka erishish mumkin.
Ma’lumot o‘rnida: Piyoz chiqindilarini kompost qilish orqali organik o‘g‘it olish mumkinligi FAO hamda qator ilmiy tadqiqotlarda qayd etilgan. Jumladan, piyoz qoldiqlaridan tayyorlangan kompost tuproq unumdorligi va hosildorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlangan.


