
Respublika Agroxizmatlar markazida shu nom ostida press-tur tashkil etildi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirok etib, agrar sohada olib borilayotgan ilmiy-innovatsion ishlar bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘lishdi.
Mehmonlar Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hududida joylashgan muhim obyektlar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan:
“Atyab International Services” xalqaro laboratoriyasi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xalqaro standartlarga mos baholash, sertifikatlash va sifat nazorati bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi mazkur markaz Ummon Sultonligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Zamonaviy issiqxona majmuasi.Yangi avlod texnologiyalari bilan jihozlangan ushbu issiqxonada aqlli boshqaruv tizimi, avtomatik iqlim nazorati va resurslarni tejovchi mexanizmlar joriy etilgan bo‘lib, u barqaror va samarali issiqxona xo‘jaligi modelini namoyon etadi.
Ko‘chatchilik markazi. Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bu markazda intensiv usullar asosida sog‘lom va sifatli ko‘chatlar yetishtirilmoqda. Zamonaviy agrotexnik uslublar va ilmiy yondashuvlar asosida ishlayotgan markaz, ko‘chat yetishtirish sohasida ilg‘or tajribani yoyishga xizmat qiladi.
Press-tur davomida mehmonlar joylardagi faoliyat, zamonaviy texnika, laboratoriya imkoniyatlari va o‘quv markazlari bilan yaqindan tanishdi.






