Andijon viloyati Baliqchi tumanida agrotexnik tadbirlar bo‘yicha seminar o‘tkazildi

Andijon viloyati Baliqchi tumanida 1-avgustga qadar qishloq xo‘jaligida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar yuzasidan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida seminar tashkil etildi.

Seminarda Andijon viloyati agroxizmatlar markazi direktori Abdufatto Umarov g‘o‘za parvarishida bor kislotasini qo‘llashning ahamiyati, uni qo‘llash muddati va tartibi, makro hamda mikroo‘g‘itlar bilan oziqlantirishning ilmiy asoslari, begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashishning samarali usullari yuzasidan batafsil tavsiyalar berdi.

Shuningdek, g‘o‘za maydonlarini suv bilan ta’minlash, tungi sug‘orishni keng yo‘lga qo‘yish, dala monitoringini muntazam olib borish, suvdan chiqqan maydonlarda o‘z vaqtida kultivatsiya o‘tkazish, drojli suspenziya tayyorlash va qo‘llash, chekanka ishlarini agrotexnik talablar asosida bajarish hamda begona o‘tlar bosgan maydonlarda gerbitsidlardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari rahbarlariga amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Seminar yakunida agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.

Прокрутить вверх