Namangan viloyati, Namangan tumani, Paxtaobod MNTQ hududidagi fermer xo‘jaligida paxta yetishtirish jarayoni o‘rganildi.
Fermer xo‘jaligining 28 gektar maydonida Xitoydan keltirilgan 64-navli paxta chigiti “Shinjon texnologiyasi” asosida ekilgan. 1-avgust kuni Etefon preparati qo‘llanilgan bo‘lib, ayni paytda uning ta’siri natijasida ko‘saklarning ochilish jarayoni faol kechmoqda.
Kuzatuvlar davomida bir tup g‘o‘zada o‘rtacha 12–15 ta ko‘sak shakllangani, ularning 70–80 foizida yorilish jarayoni boshlanganligi aniqlandi. G‘o‘za barglarining qizarish holati ham preparat ta’siri samarali kechayotganini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislar tomonidan fermer xo‘jaligi rahbariga 12–15 kundan so‘ng Avguron preparatini qo‘llash hamda defoliatsiya jarayonini boshlash bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Joriy yilgi paxta hosilining yetilishi o‘tgan yilga nisbatan 15–20 kun oldinlashgani kuzatilmoqda. Bu esa paxta yig‘im-terimini barvaqt yakunlab, 2027-yil hosili uchun g‘alla ekish ishlarini ham oldinroq boshlash imkonini beradi.

