Mulchalash – bu bog‘dorchilik va qishloq xo‘jaligida tuproqni himoya qilish va daraxtlar o‘sishi uchun qulay sharoit yaratishda juda muhim agrotexnik usul hisoblanadi. Bu jarayon tuproq yuzasiga organik yoki noorganik materiallar (somon, xas-cho‘p, kompost, toshchalar, maxsus plyonkalar) qoplash orqali amalga oshiriladi. U daraxtlarni turli stresslardan himoya qilishga katta hissa qo‘shadi.
Mulch tuproq yuzasidan suvning tez bug‘lanib ketishining oldini oladi. Bu, ayniqsa, qurg‘oqchilik sharoitida daraxtlarning yaxshi rivojlanishi uchun juda muhim. Shuningdek, mulch tuproqning strukturasini yaxshilab, suvni to‘g‘ri taqsimlanishiga yordam beradi. Tuproqning harorat rejimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan birga, u yozda tuproqni qizishidan, qishda esa sovuqdan himoya qiladi.
Mulch qoplami orqali daraxt ostidagi begona o‘tlar o‘sishi cheklanadi. Bu esa o‘simliklar o‘rtasida ozuqa moddalari uchun raqobatni kamaytiradi va daraxtlarning o‘sishini yaxshilaydi. Daraxt tanasi atrofiga mulch qoplash mexanik zararlar, xususan, trimmer yoki o‘g‘it sepuvchi qurilmalarning ta’siridan daraxtlarni himoya qiladi. Bunday qoplamalar shamol va yomg‘ir ta’sirida tuproqning eroziyaga uchrashini kamaytiradi.
Mazkur mulchlardan foydalanish vaqtida begona o‘tlarni nazorat qilish uchun gerbisidlarni qo‘llashga ehtiyoj qolmaydi. Bu esa tuproqning ekologik holatini yaxshilaydi va mahsulotlarning ekologik tozaligini ta’minlaydi. Mulch tuproqdagi mikroorganizmlar va foydali hasharotlarning ko‘payishiga yordam beradi. Tabiiyki, buning natijasida tuproqning tabiiy unumdorligi oshadi.
Organik mulch materiallarini tanlashda zararli qo‘shimchalarsiz, tabiiy xom ashyodan foydalanish kerak. Mulch qoplamini daraxt tanasidan 5-10 sm masofada qo‘llash lozim, aks holda chirish jarayoni tanani zararlash xavfini oshiradi. Ushbu qoplamlarni har mavsumda yangilanib turishi maqsadga muvofiqdir. Uni to‘g‘ri qo‘llash orqali daraxtlarning sog‘lom o‘sishini ta’minlash mumkin.


