Hindiston kompaniyalari bilan agrar hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda

Bugun Respublika agroxizmatlar markazi direktori Akmal Tulanov UPL (United Phosphorus Limited) xalqaro agrar kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

UPL — bu Hindistonda tashkil etilgan, asosan hosilni himoya qilish, o‘sishini qo‘llab-quvvatlash, kasalliklarga qarshi kurashish mo’ljallangan agrotexnologik yechimlarni taqdim etuvchi mahsulotlar portfeliga ega xalqaro kompaniya bo‘lib, bugungi kunda 130 dan ortiq davlatlarda faoliyat yuritadi.

Uchrashuv davomida tuproq namligini saqlab qolish, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligini oshirish, kimyoviy yuklamani bosqichma-bosqich kamaytirish, biologik hamda ekologik xavfsiz mahsulotlardan foydalanish, issiqxona va ochiq maydon ekinlari uchun zamonaviy va samarali agrotexnologiyalarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha aniq loyihalarni amaliyotga tatbiq etish, xususan Toshkent, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ko’rgazmali maydonlarni tashkil etish hamda bio-o‘g‘itlarni sinovdan o’tkazish kelishib olindi.

Прокрутить вверх