Piyoz yetishtirishning yangi usuli: Bu orqali harajatlar keskin kamayishi mumkin

Piyozni noan’anaviy usulda yetishtirish texnologiyasi oxirgi yillarda dehqonlar orasida tobora ommalashib bormoqda. Bu yondashuv urug‘ sarfini qisqartirishi, suv tejamkorligini oshirishi va mehnat xarajatlarini sezilarli kamaytirishi bilan ajralib turadi.

An’anaviy usulda piyoz to‘g‘ridan-to‘g‘ri urug‘dan ekiladi, biroq mazkur texnologiyada avvalo ko‘chat yetishtiriladi. Buning uchun 3-4 kg urug‘ mart oyining 15–20 kunlari atrofida 50–60 m² maydonga 4×1 sm sxemada ekiladi. Taxminan 55–60 kun davomida parvarish qilingan ko‘chatlar kelgusida doimiy o‘sadigan maydonga ko‘chiriladi.

Ko‘chat yetishtirishda “Oq dur”, “Istiqlol” va “Qoratol” navlardan foydalanish maqsadga muvofiq. Ko‘chatlar ertagi kartoshka, karam yoki boshoqli ekinlardan bo‘shagan maydonlarga joylashtirilsa, yerning qayta ishlanish samaradorligi ortadi. Bir gektar maydonga o‘rtacha 800 ming tup ko‘chat joylashtiriladi.

Parvarish tartibi va agrotexnik amallar

Ko‘chat ekilgach, 2–3 kun ichida boshlang‘ich sug‘orish ishlari amalga oshiriladi. O‘suv davrida qator oralarini 2–3 marta kultivatsiya qilish, jami 6–7 marotaba sug‘orish talab etiladi. O‘g‘itlash va himoya choralari esa an’anaviy urug‘dan yetishtiriladigan piyoz agrotexnikasiga o‘xshash tarzda olib boriladi.

Mazkur usul qator iqtisodiy va agrotexnik ustunliklarni beradi:

➖urug‘ sarfi 3–4 barobar kamayadi;
➖begona o‘tni yagonalash va tozalash bo‘yicha mehnat xarajatlari 80–90 foizgacha qisqaradi;
➖sug‘orishga sarflanadigan suv 2–2,5 baravarga kamayadi.

Bunga qo‘shimcha ravishda ko‘chat orqali yetishtirilgan piyozda o‘suv muhiti boshqaruvi yaxshilanadi, hosildorlik ortadi va vegetatsiya davri tezroq yakunlanadi. Natijada, piyoz yetishtirish jarayoni tejamkor, samarali va bozorbop mahsulot olishga yo‘naltirilgan ko‘rinishga ega bo‘ladi.

Прокрутить вверх