Bugun qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “Bizpando” kompaniyasi vakili Jasper Bhaumik bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda qishloq xo‘jaligida zamonaviy ekologik yondashuvlarni keng joriy etish, karbon kreditlari bozorida hamkorlikni rivojlantirish hamda fermer xo‘jaliklarini “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, 2026-yildan boshlab paxta g‘o‘za poyalarini qayta ishlash orqali biochar mahsuloti ishlab chiqarish, shu asosda karbon kreditlari mexanizmini joriy etish hamda biochar qo‘llagan fermerlarni moliyaviy rag‘batlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar biochar mahsulotidan foydalanish orqali nafaqat yer unumdorligini yaxshilash, balki fermerlar uchun karbon kreditlari hisobidan qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish imkoniyatlari mavjudligini ta’kidladilar. Shu bilan birga, ushbu yo‘nalishda xalqaro tajribalarni O‘zbekistonda tatbiq etish, fermer xo‘jaliklarini karbon kredit bozori talablari bilan tanishtirish hamda ularni global “yashil” iqtisodiy tizimga integratsiya qilish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Bundan tashqari, joylarda seminar-treninglar tashkil etish, fermerlarni karbon kreditlari tizimi, biochar ishlab chiqarish va undan samarali foydalanish bo‘yicha o‘qitish yuzasidan takliflar ilgari surildi. Shuningdek, hududlarda tushuntirish va amaliy ko‘mak ishlarini kuchaytirish orqali keng qamrovli tizim yaratish zarurligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ekologik barqarorlik va “yashil” iqtisodiyot tamoyillari global qishloq xo‘jaligining ajralmas qismiga aylanmoqda. Shu bois O‘zbekiston fermerlarini karbon kreditlari bozoriga faol jalb etish, zamonaviy agroekologik texnologiyalarni ommalashtirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish kelgusida nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshirish, balki ekologik muvozanatni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.







