Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi ilg‘or fermer xo‘jaliklaridan biri — «Zumrad, Ibrat» fermer xo‘jaligida paxta ochilishi kuzatildi.
Joriy yilning erta bahorida xo‘jalikning 78 gektar maydoniga viloyatda birinchilardan bo‘lib Shinjon usulida, qo‘shqator ekish hamda tomchilatib sug‘orish texnologiyalari asosida chigit ekilgan edi. Bugungi kunda xo‘jalikning 13 gektar maydonida paxta ochildi. Bu esa agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilganidan dalolat beradi.
To‘raqo‘rg‘on tumanida joriy yilda
3200 gektar maydonda g‘o‘za parvarish qilinmoqda. Mavsum yakunida davlatga 17 ming tonnadan ortiq paxta xomashyosi yetkazib berish rejalashtirilgan.
Ayni kunlarda «Dolzarb 30 kunlik» doirasida g‘o‘zani mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantirish va sug‘orish, zararkunanda hamda kasalliklarga qarshi kurashish, begona o‘tlarni yo‘qotish va chilpish ishlari izchil olib borilmoqda.






