
Farg‘ona viloyatiga bo‘lgan tashrifim davomida Rishton tumanidagi “Paxtakor iqror” fermer xo‘jaligiga qarashli 10 gektarli dala maydonini ko‘zdan kechirdim. Bu yerda paxtaning xorijiy va mahalliy navlari tajriba tariqasida 76×10 sxemada, qo‘shqator qilib, plyonka ostiga ekilgan.
Mazkur dala maydonida tatbiq etilayotgan agrotexnik amaliyotlar bilan yaqindan tanishdim. Mas’ullarning ma’lum qilishicha, xorijiy navlar iqlim sharoitimizga moslashtirilgan bo‘lib, yuqori hosil olish uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.




Hosildorlik va ekinlarning sog‘lom o‘sishi birlamchi masala. Shu bois bu yerda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar Paxtachilik kengashi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmalarga to‘liq rioya qilgan holda ishlamoqda.
Shuningdek, xorijiy navlarni tashqi ta’sirlardan himoya qilish maqsadida 1 gektarlik maxsus himoya zonasi tashkil etilgan bo‘lib, unda paxtaning mahalliy S-8290 navi parvarish qilinmoqda.
Tashrif davomida navlarni oziqlantirish, sug‘orish me’yorini saqlash, tizimli va jamoaviy yondashuvlarni qo‘llash, shuningdek, har qanday muammoni o‘z vaqtida aniqlab, bartaraf etish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berdim. Bu kabi tajriba maydonlari sohaga innovatsion qarashni chuqur singdirishimizda muhim rol o‘ynaydi.

