Ilm va amaliyot uyg‘unlashgan maydon – agrar taraqqiyot manbai

Sirdaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Boyovut tumanidagi Agroxizmatlar ko‘rsatish markazi (AKIS) Sirdaryo filiali faoliyati bilan tanishdi. Markaz atrofidagi ko‘rgazmali maydonlarda bug‘doy, arpa, sabzavot ekinlari, yuqori hosildor mevali daraxt ko‘chatlari hamda makkajo‘xori, soya va istiqbolli gibrid navlar parvarish qilinmoqda. Shuningdek, 26 gektarda Xitoyning “Shinjon” tajribasi asosida xorijiy g‘o‘za navlari va mahalliy intensiv agrotexnologiya namunalarining sho‘rlanish, harorat va boshqa stresslarga chidamliligi sinovdan o‘tkazilmoqda. Vazir tajriba maydonlari fermerlar uchun namuna bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, olib borilgan ishlarni olimlar bilan birgalikda takomillashtirish hamda dala chetlariga boshqa mahsulotlarni ekish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu bilan birga, agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilmaganligi sababli paxtaning o‘sishida kechikish kuzatilgani qayd etilib, mas’ullarni muammolarni bartaraf etishga safarbar qilish zarurligi aytildi. Muhimi, bunday tajriba maydonlari hosil uchun emas, balki fermerlarga ilmiy-amaliy laboratoriya sifatida yo‘l ko‘rsatishi kerak. Agar bilim, tajriba va amaliyot mexanizmi to‘g‘ri joriy etilsa, haqiqiy “tomorqachilik maktabi” yaratiladi. Bunday yondashuv asosida mahalliy aholi vakillari, tuman hamda unga yondosh hududlardagi ko‘plab fermer va dehqonlar yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar. Shu maqsadda vazir mutasaddilarga markazlar faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, ilmiy ishlanmalarni keng targ‘ib qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Shuningdek, markaz binosining kapital ta’miri, ko‘rgazmali maydonlar va zamonaviy texnologiyalar asosida yaratilayotgan sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi.

Hozirda markazni jihozlash ishlari olib borilmoqda. Bu yerda viloyat iqlimiga mos ekin turlari seleksiya natijasida keltirilib ekilmoqda. Shu bois mazkur maydon Sirdaryoning “demonstratsiya maydoni” sifatida shakllanib, nafaqat viloyat salohiyatini namoyish etadi, balki butun agrar salohiyatni yorqin aks ettiruvchi maskanga aylanadi. Albatta, bu kabi ilmiy-amaliy markazlar mamlakatimiz agrar sohasining ertangi kunini belgilab beradigan tayanch maydonlardan biridir.

Прокрутить вверх