Qishloq xo‘jaligi vaziri tashabbusi asosida respublika hududlarida urug‘lik kartoshkani qizil va uzoq qizil spektrli nurlar yordamida ishlovdan o‘tkazish ishlari davom ettirilmoqda.
Mazkur usul urug‘ tuganaklarining fiziologik faolligini jadallashtirib, tez va bir maromda unishini ta’minlaydi, sog‘lom nihollar hosil bo‘lishiga hamda takroriy ekinlardan olinadigan hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Jumladan, Buxoro viloyati Olot tumani “Sharq Yulduzi” hududidagi “Bozor Jabbiev” fermer xo‘jaligida takroriy kartoshka ekish uchun mo‘ljallangan urug‘lik kartoshkalar qizil spektrli lampalar ostida ishlovdan o‘tkazilmoqda. Jarayon davomida tuman Agroxizmatlar markazi mutaxassisi Sh. Arshimov tomonidan fermer xo‘jaligi rahbariga ushbu texnologiyaning afzalliklari yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida ham takroriy ekin maydonlariga ekish uchun 900 tonna urug‘lik kartoshka tayyorlanmoqda. Xorijdan keltirilgan “Gala” va “Santa” navlari qizil spektrli lampalar yordamida ishlovdan o‘tkazilmoqda. Jarayon Agroxizmatlar markazi agromaslahatchisi O. Mahmudov nazoratida olib borilmoqda.





