Chang Hyojae bilan Respublika agroxizmatlar markazi direktori A.Tulanov o’rtasida hamkorlik uchrashuvi o‘tkazildi.

Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energiya vazirligi, Koreya mashinasozlik sanoati assotsiatsiyasi, Texnologiyalarni rivojlantirish instituti, CAMTIC ilg‘or mexatronika texnologiya instituti hamda “Agro Solution Korea” kompaniyalari hamkorligida “O‘zbekistonda aqlli qishloq xo‘jaligi sanoat texnologiyalari innovatsion markazini tashkil etish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasidagi ishlarni muvofiqlashtirish va keyingi bosqich rejalarini belgilash maqsadida loyiha rahbari Chang Hyojae bilan Respublika agroxizmatlar markazi direktori A.Tulanov o’rtasida hamkorlik uchrashuvi o‘tkazildi.
Uchrashuvda 2023–2025 yillar davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, yil yakuniga qadar bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.

Shuningdek, loyiha doirasida Koreya tomonidan Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanida ikki qavatli laboratoriya va ma’muriy bino, ishlab chiqarish binosi, tajriba xo‘jaligi (aqlli issiqxona), yordamchi binolar qurib bitkazildi. Yil yakuniga qadar ushbu obyektlar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

2024 yilda Koreya mashinasozlik sanoati assotsiatsiyasi tomonidan qiymati 1,8 million AQSH dollariga teng bo‘lgan aqilli issiqxona tizimlari, ishlab chiqarish liniyalari, shuningdek, Innovatsion sanoat texnologiyalari markazi uchun elektron va mexatronik uskunalar o‘rnatildi.

Loyiha doirasida umumiy qiymati 1,1 million AQSH dollariga teng bo‘lgan, har biri 0,20 gektardan iborat 5 ta viloyatda zamonaviy issiqxona xo‘jaliklari tashkil etilishi belgilangan. 2024-yilda Samarqand va Toshkent viloyatlarida qurilish ishlari to‘liq yakunlangan bo‘lsa, 2025-yilda Xorazm va Farg‘ona viloyatlaridagi obyektlar foydalanishga topshirildi.

Hozirgi kunda Buxoro viloyatida qurilish ishlari boshlangan bo‘lib, yil yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Прокрутить вверх