
Baxmal tumani yana bir bor o‘zining boy bog‘lari, sermahsul yerlaridan yetishtirilgan olmalari bilan mashhur ekanini namoyish etdi. Tumanda an’anaviy tarzda “Olma sayli” festivali bo‘lib o‘tdi!
Festivalda respublikamizning barcha viloyatlaridan kelgan fermer xo‘jaliklari va bog‘dorchilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘z mevalari, ko‘chatlari va innovatsion ishlanmalarini namoyish etishdi. Shuningdek, tabiiy sharbat va ichimliklar ishlab chiqaruvchi korxonalar ham o‘z mahsulotlari bilan qatnashib, mehmonlarga sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qildi.
Tadbir doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalari, xalqaro kompaniyalar ko‘rgazmalari, tajriba almashish uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Fermerlar va mutaxassislar bog‘dorchilikni yanada rivojlantirish, hosildorlikni oshirish hamda yangi texnologiyalarni joriy etish masalalarini muhokama qilishdi.
Festival Respublika “Agrobank”, Fermerlar maktabi, tuman Agroxizmatlar markazi va «Baxmal Agro Star» MChJ hamkorligida tashkil etilib, nafaqat hudud aholisi, balki yurtimizning turli burchaklaridan kelgan mehmonlar uchun ham chinakam bayram bo‘ldi.





