Bugun Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida 2026-yil hosili uchun boshoqli don ekishga yer tayyorlash va ekish ishlarini amalga oshirish hamda tuproq unumdorligini oshirishda Jivamrit — suyuq bio-o‘g‘it tayyorlash bo‘yicha ko‘rgazmali dala seminari o‘tkazildi. Seminar Toshkent viloyati va Oqqo‘rg‘on tumani hokimliklari hamda Toshkent viloyati Agroxizmatlar markazi hamkorligida tashkil qilindi.
Seminarda mutaxassislar nafaqat don ekishga yer tayyorlash jarayonlari, balki Jivamrit — tuproqni sog‘lomlashtiruvchi suyuq bio-o‘g‘itni tayyorlash va qo‘llash bo‘yicha ham amaliy ko‘rsatmalar berishdi. Ushbu innovatsion yondashuv fermerlarga barqaror hosil olishda, kimyoviy o‘g‘itlardan foydalanishni kamaytirishda va tuproq unumdorligini tiklashda katta yordam beradi.
Jivamrit o’zi nima?
Jivamrit — bu tuproq sog‘lomligini tiklovchi va hosildorlikni oshiruvchi tabiiy bio-o‘g‘it. U sanskrit tilidan olingan bo‘lib, “Jeevan” (hayot) va “Amrit” (shira) so‘zlaridan tashkil topgan. Ma’nosi — “hayotbaxsh shira”.
Jivamrit tuproqdagi foydali mikroorganizmlarni ko‘paytiradi;
o‘simliklarning sog‘lom va barqaror rivojlanishiga yordam beradi;
hosil miqdori va sifatini oshiradi;
kimyoviy o‘g‘itlardan foydalanishni kamaytiradi.
Tarkibi va tayyorlash.
Jivamrit oddiy, dala sharoitida mavjud bo‘lgan mahsulotlardan tayyorlanadi. Bular:
daladan olingan tuproq (mikroorganizmlar manbai);
yangi mol go‘ngi va sigir peshobi;
lavlagi yoki jo‘xori sharbati;
dukkakli ekin uni;
suv.
Aralashtirilgach, ma’lum muddat fermentatsiya jarayonidan o‘tadi va keyinchalik dalalarda qo‘llashga tayyor bo‘ladi.
Jivamrit – regenerativ (qayta tiklanuvchi) qishloq xo‘jaligining ajralmas qismi bo‘lib, ekologik toza va barqaror hosil olishga xizmat qiladi.







