
Andijon viloyatiga amalga oshirgan navbatdagi ishchi tashrifim davomida Andijon tumanida faoliyat yuritayotgan “Longping Bereke” qo‘shma korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdim. Ushbu korxona mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasida muhim ahamiyat kasb etuvchi — gibrid urug‘ yetishtirishga ixtisoslashgan bo‘lib, uning faoliyati bugungi kunda zamonaviy yondashuv asosida yo‘lga qo‘yilganini alohida e’tirof etmoqchiman.
Korxona umumiy 4 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, bu yerda chigit, sholi, g‘alla va makkajo‘xori kabi yurtimizda keng ekiladigan qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun gibrid navlar yaratish bo‘yicha izchil va ilmiy yondashuvga asoslangan ishlar olib borilmoqda. Eng quvonarlisi, loyiha Xitoy davlati bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bo‘lib, unga qariyb 9 million AQSh dollari miqdorida xorijiy sarmoya jalb qilingan. Mazkur mablag‘ to‘liq Xitoy tomoni tomonidan qoplanganini ta’kidlash joiz.
Korxonada barcha ishlar ilg‘or xorijiy texnologiyalar asosida olib borilmoqda. Gibrid urug‘larning sifati, hosildorligi va ekologik barqarorligi bo‘yicha barcha bosqichlar tajribali agronomlar va ilmiy xodimlar nazorati ostida amalga oshirilmoqda. Bu esa nafaqat mahsulot hajmini oshirish, balki oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda ham muhim qadam hisoblanadi.

Tashrif davomida korxonada olib borilayotgan ishlarning tizimliligi, sifatli yondashuv va zamonaviy agrotexnologiyalarning amaliyotga tatbiq etilayotgani meni mamnun qildi. Mas’ullarga loyiha doirasini yanada kengaytirish, yangi bozorlar va istiqbolli ekinlar uchun gibrid urug‘lar ishlab chiqish borasida takliflar berdim. Shuningdek, gibrid urug‘ yetishtirishda xalqaro standartlar va ilmiy tamoyillarga qat’iy amal qilish zarurligini uqtirdim.
Ishonchim komilki, bunday loyihalar nafaqat Andijon viloyati, balki butun mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, yuqori hosildorlikka erishish va zamonaviy ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etish yo‘lida muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Qishloq xo’jaligi vaziri — I.Abdurahmonov






