“Kasbimga juda qiziqaman”. Huquqshunoslikdan fermerlikka oʻtgan Isroil Salimsakov bilan suhbat

05:41 / 27.06.2023
#

“Fermerlik” soʻzi sizga ogʻir mehnatni va kam daromadni eslatadimi? Yoki bu sohada zamonaviy biznes qurish, katta yutuqlarga erishish mumkinligini bilasizmi? Ikki holatdayam sizga bizning bugungi qahramonimizning hikoyasi maʼqul boʻladi deb oʻylaymiz: u yo qarashlaringizni oʻzgartiradi, yoki yanada koʻproq ishlashga, sohangizni yaxshi koʻrishga ilhom bagʻishlaydi.

 

Bugungi qahramonimiz – oddiy fermer emas, yuridik maʼlumotga ega boʻla turib shu sohani tanlagan mutaxassis. Qolaversa, shaharda tugʻilib oʻssa ham, dehqonchilikka mehr qoʻygan va hayotini shunga bagʻishlagan.

 

Mehmonimiz — sobiq fermer, Iordaniyaning Agrematika General kompaniyasi agronom-maslahatchisi Isroil aka Salimsakov. Nafaqaga chiqquniga qadar Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi “Shuhrat Ziyo” fermer xoʻjaligida ishlagan. Biz u kishi bilan fermerlar qanday muvaffaqiyatga erishishi mumkinligi toʻgʻrisida suhbatlashdik.

 

Kasbingizga qiziqasizmi?

 

Men 40 yillik dehqonman. Kasbimga juda ham qiziqaman albatta.

 

Bu ish siz uchun koʻproq pul uchun kerakmi yoki qiziqish uchunmi? Yoki ota kasbmi?

 

Bu men uchun ota kasb emas. Otam quruvchi usta boʻlgan. Oʻzim esa yuridik oʻrta-maxsus maʼlumotga egaman. Toshkent yuridik texnikumini bitirganman. Lekin bu sohaga qiziqmay, dehqonchilikka qiziqib, dehqon boʻlib ketganman.

 

Xobbilaringiz bormi? Ularga vaqt topa olasizmi?

 

Boʻsh vaqtim kamroq boʻladi odatda. Asosiy xobbi sifatida koʻchatchilik bilan shugʻullanaman. Yaʼni asosiy ishimdan tashqari, qiziqish uchun oʻzim xohlab shu narsa bilan shugʻullanaman.

 

Faoliyatingiz davomida qanday qiyinchiliklar boʻlgan? Qanday toʻsiqlarga duch kelgansiz?

 

Toʻsiqlar boʻlmagan. Aksincha, ragʻbatlantirishlar boʻlgan. Birinchi 47 gektar yerda ish boshlagan boʻlsam, keyinchalik atrofimizdagi ishni yurgiza olmayotgan fermerlarning yerlarini ham bizga qoʻshib berishgan. Oʻshandan keyin xoʻjaligimiz 104 gektar maydonga ega boʻlgan.

 

Ishingiz davomida nimalarni oʻrgandingiz? Yangiliklar boʻldimi yoki boshidan hamma narsani bilardingizmi?

 

Yuqorida aytganimdek, bu kasb men uchun ota kasb emas. Biz oʻzi shaharda tugʻulib oʻsganmiz. Shu sababli bu sohadagi barcha narsa menga yangilik boʻlgan. Boshida men hatto suv quyishni ham bilmasdim, ochigʻi.

 

Farzandlaringizni ham shu sohaga qiziqtirganmisiz? Yoki ularning boshqa kasbni tanlashini istaysizmi?

 

Ikki nafar qizim bor. Oʻgʻlim qon kasalligidan vafot etgan. U agrar sohada magistratura darajasigacha oʻqigan edi. Qizlarim esa bu sohada emas. Biri shifokor, ikkinchisi pedagog.

 

Muvaffaqiyatli fermer boʻlishning siri nimada?

 

Kamroq uxlashda, ertalab vaqtli uygʻonishda, urugʻning zoʻrini tanlashda, yerni kuzda vaqtli haydatishda. Bunaqa sabablar juda koʻp. Asosiy ishlardan biri bu yerni kuzda oʻz vaqtida haydatish va uni doim begona oʻtlardan toza saqlashda. Shuningdek, rejalashtirish ham juda muhim. Ob-havodan ham doimiy xabardor boʻlib turish kerak.

 

Yana qaysi yoʻnalishlarga qiziqasiz?

 

Men milliy oshxonamizga, oshpazlikka ham juda qiziqaman. Maqtanish emasku, oshni juda zoʻr damlayman. 200 kilogramgacha osh qila olaman. Shuningdek, Yevropa oshxonasini ham yaxshi bilaman. Kamchatkada Moskvadagi Arbat restorani bosh oshpazi bilan harbiy xizmat qilganman. Oʻsha insondan koʻp narsa oʻrganib olganman.

 

Bu sohaga endi kirib keladigan insonlarga qanday maslahat bergan boʻlardingiz?

 

Birinchidan, qoʻrqishmasin. Ikkinchidan, yerni yaxshi tanlash kerak. Internetga kirib, nimalar ekilyapti, qoʻshni mamlakatlarda vaziyati qanday, bularning barchasini oʻrganishsin.