ILMDA NATIJAGA ERISHISH IZLANISHDA, HAQIQAT ESA BAHSLARDA YUZAGA CHIQADI

11:54 / 01.05.2024
#
#
#
#
#
#
#
#

 

Milliy markaz tizimidagi Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash instituti olimlari tomonidani “Organik o‘g‘itlarni tayyorlaydigan, mulchalaydigan va lokal soladigan zamonaviy mashinalar kompleksi”sini yaratish ustida ilmiy-tadqiqotlar olib borilmoqda.

Institut doktoranti Po‘lat Uteniyazov Milliy markazda bugun bo‘lib o‘tgan seminarda ayni mavzuda ma’ruza qildi. 
– Zamonaviy ilm-fan izlanishlari va dexqonchilik tajribalari organik o‘g‘itlarni lokal usulda solganda poliz ekinlarining hosildorligi 30 foizgacha oshishini isbotlagan. Bundan tashqari, mineral o‘g‘itlarni qo‘llagandagiga qarama-qarshi o‘laroq, organik o‘g‘itlar qo‘llanilganda yetishtirilgan sabzavot va poliz mahsulotlarining ta’mi sezilarli darajada yaxshilanib, ularning tarkibidagi nitratlar miqdori me’yordan oshib ketmaydi. Sabzavot urug‘larini ekkandan so‘ng pushtalar ustiga maydalab tayyorlangan chirigan go‘ng yoki boshqa organik moddalardan sepib, mulchalash tadbiri amalga oshirilsa, urug‘larning yerdan qisqa fursatda tez unib chiqishi uchun qulay sharoitlar yaratiladi hamda yangi chiqqan nihollar uchun qo‘shimcha ozuqa ta’minlanadi. Shularga asosan sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirishda organik o‘g‘itlarni o‘simlik ildizlari rivojlanadigan hududga lokal usulda solish yoki maydalab tayyorlagan holda ekinlar ustini mulchalash tadbirlarining resurstejamkor texnologiyalari va ularni amalga oshiradigan texnika vositalarining yangi ilmiy-texnikaviy asoslarini ishlab chiqish hamda samarali texnik vositalar kompleksini  yaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda, 
– dedi ma’ruzachi ilmiy ish mavzusining dolzarbligi va vazifalari haqida to‘xtalib.

Seminar qizg‘in bahs-munozara ruhida o‘tdi. Ochig‘i, ma’ruzachi uchun ekspertlarning savollariga ilmiy asoslangan javob qaytarish oson kechmadi. Zero, ilmda natijaga erishish izlanishda, haqiqat esa bahslarda yuzaga chiqadi. Ushbu seminar tafsilotlari haqida tez kunlarda videolavha taqdim etamiz.