Bahorgi piyoz yetishtirish haqida nimalarni bilasiz?

06:12 / 28.03.2024
#

Piyoz serhosil ekin turlaridan biri hisoblanadi. Dehqon ta’biri bilan aytganda, piyoz “yili” kelsa dehqonning ro‘zg‘origa qirq yillik baraka keltiradi. Biroq holva degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaganidek, piyoz yetishtirishning ham o‘ziga yarasha sir-sinoati va mashaqqatlari bor. Soha olimlarining ilmiy asoslangan tiavsiyalariga amal qilish esa yaxshi natijaga erishishdagi ilk qadamdir. Quyida Milliy markaz tizimidagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlarining tavsiyasi bilan tanishishingiz mumkin.

PIYOZ NAVLARI. Piyozning mahalliy sharoitda yaratilgan ertapishar “Sumbula”, o‘rtapishar “Istiqbol va “Zafar” navlarini ekish tavsiya etiladi.

PARVARISHLASH TEXNOLOGIYASI. O‘zbekistonda piyoz uch muddatda ertaki, yozgi-kuzgi va to‘qsonbosti qilib ekiladi. Bahorgi muddatda piyoz janubiy viloyatlarda 5-25 yanvarda, markaziy viloyatlarda 20-fevral-10-mart, shimoliy viloyatlarda 5-25 martga qadar gektariga 12-15 kilogrammdan “SKON-4” rusumli seyalka bilan yerning nishabiga qarab qator oralarini 70-90 sm qilib to‘rt qatorli usulda ekiladi. Urug‘lar yerga 1,5 - 2 sm chuqurlikka ko‘miladi. Ikki-uch marta dastlab o‘simliklarning buyi 6 - 8 sm ga yetganda, ikkinchi marta bog‘lab chiqariladigan tovar holiga kelganda o‘toq va yagana qilinadi. Qator oralaridagi begona o‘tlarga qarshi KRN-2,8 A kultivatori bilan yerga 15-16 sm chuqurlikda ishlov beriladi.

O‘g‘itlash. Gektaridan o‘rtacha 30 tonna hosil olish uchun bo‘z tuproqli yeralarda har gektar yerga o‘rtacha 300 kg azot, 220 kg fosfor va 90 kaliy berish kerak. Shuningdek, o‘tloqi-botqoq tuproqlarda esa 250 kg azot, 200 kg fosfor, 80 kg kaliy berishni taqazo etadi. Sho‘rlangan, tuproq boniteti past yerlarda gektariga 320 kg azot, 220 kg fosfor va 100 kg kaliy berish kerak.

O‘g‘itlarni berish muddati. Rejalashtirilgan hosilga belgilangan fosfor o‘g‘it yillik mikdorini 70-75% yerni asosiy ishlovida, qolgan qismi esa yerni boronalashdan oldin beriladi. Azot o‘g‘itini esa vegetatsiya davrida oziqlantirish paytida teng ikkiga bo‘lib beriladi. Birinchi oziqlantirish piyoz yagonalab, piyoz boshi o‘toq qilingandan so‘ng, ikkinchisi esa shakllana boshlaganda beriladi. Piyozga organik o‘g‘itlardan yangi go‘ngni berish tavsiya etilmaydi. Chunki go‘ngdagi begona o‘tlar urug‘lari unib chiqib, olinadigan hosilga salbiy ta’sir etadi.

Sug‘orish. Piyoz havo nami past joylarda yaxshi o‘sadi, ammo tuproqning sernam bo‘lishini xohlaydi. Piyozning barg shapalog‘ini kichikligi va suvni tejab-tergab sarflashiga qaramasdan, uning ildizi yaxshi rivojlanmaganligidan tuproq namligiga talabchanligi nihoyatda kuchli. Urug‘ uni6 chiqayotgan va piyoz boshi shallanayotgan davrda ekinning suvga talabi ayniqsa oshadi. Faqat o‘suv davrining oxirida va piyoz boshlari yetilgan paytdagina o‘simlikning suvga bo‘lgan talabi bir oz kamayadi. Bu davrda tuproq haddan tashqari sernam bo‘lsa, piyoz kechroq yetiladi va uni uzoq saqlab bo‘lmaydi. Tuproq nami yetishmasa, piyoz boshining kattalashishi sustlashadi,usuv davrini barvaqt tugallaydi, kambarg va piyozboshi mayda bo‘ladi, natijada hosildorlik keskin kamayadi.

Sug‘organda tuproq yetarli darajada namiqmasa bargi oqish-yashil tusga kirib, uchi egiladi. Ortiqcha namlanganda esa bargi och yashil rangga kiradi. Sizot suvi chuqur joylashgan bo‘ztuproqli yerlarda ko‘klamning oxiri yozning boshlarida piyoz har 7-10 kunda sug‘oriladi. Piyozni tez-tez sug‘orish to piyoz boshi shakllanishining oxirigacha davom ettirilib, yangi barg o‘sib chiqqandan so‘ng to‘xtatiladi. Iyuning ikkinchi yarmidan boshlab, ya’ni piyozboshining o‘sishi to‘xtagandan keyin ekin 12-14 kun oralatib ikki marta sug‘oriladi va yig‘ib-terib olishga bir oy qolganda sug‘orish to‘xtatiladi. Ekin shu tarzda sug‘orilganda piyozboshi qattiq-tig‘iz va uzoq saqlanadigan bo‘lib yetiladi.

E’tibor bering. Agar mana shu davrda o‘simlik sug‘orilsa u qaytadan ko‘klab ketadi va bunday piyoz yaxshi saqlanmaydi. Sizot suvi chuqur joylashgan bo‘z tuproqli yerlarda ko‘klamda ekilgan piyozni suv davrida 11-13 marta, sizot suvi yaqin bo‘lgan uchastkalarda 7-9 marta sug‘orish kerak. Yuqorida aytilganidek, piyoz ildizlari tuproqning yuza qatlamiga taralishini hisobga olib har galgi sug‘orishda gektariga 350-400 m3 hisobida suv beriladi.