Tokzorlarni qishga qanday tayyorlash kerak?

07:01 / 26.10.2023
#

Yodda tuting! Tok ikki muddatda: ko‘miladigan toklar kuzda, ko‘milmaydigan toklar asosan bahorda kesiladi. Tokdan mo‘l hosil olish uchun ular har yili kesilib, ma’lum shaklga keltiriladi. Tok novdalarining soni va tupda joylanishi tokning o‘sish kuchiga qarab tartibga solinadi. Tok kesib turilganda uning hosilga kirishi tezlashadi, mo‘l hosil berish davri uzayadi, tokzorni ishlash va bunda mexanizatsiyadan foydalanish, tokning kasallik va zararkunandalariga qarshi kurash ishlari osonlashadi. Hosil olish uchun doimo yaxshi pishgan, baquvvat, sog‘lom va bag‘azlarda yaxshi yotadigan, normal bo‘g‘im orasiga ega bo‘lgan novdalar qoldiriladi.

Tokni umumiy qabul qilingan texnologiyasi bo‘yicha kesish zarur. Tok ko‘miladigan tumanlarda kesish vaqtida tuplarda qabul qilingan me’yordan 20-25 foiz qo‘shimcha ko‘zlar qoldiriladi. Kuchli o‘sadigan Pushti toifi, Nimrang, Xusayni va Qora kishmish kabi navlarda ko‘zlar ko‘proq qoldirilib, uzunroq kesiladi. Bir tupda 200-300 tagacha ko‘z qoldiriladi. O‘rtacha o‘suvchi Rkatsiteli, Saperavi va Muskat rozovыy navlarida ko‘zlar soni 150-180 tagacha qoldiril-gani ma’qul. Kuchsiz o‘sadigan Risling va Pino chernыy navlarida 80-120 ta ko‘z qoldiriladi.

Pishgan novdalar shunday kesiladiki, ularni pastki simga bog‘lash mumkin bo‘lsin, zaifroq novdalar 2-3 ta ko‘zcha qoldirib kesiladi. Kelajakda 4-5 ta zang bo‘lishi uchun novdalar qoldiriladi, 9-10 yoshli zang novdalar yangilanishi maqsadga muvofiqdir.

                

 

Ayrim yillari qishda havo harorati minus 25-30°S ga pasayadi, bu tok tuplarini qishda ko‘mishni talab etadi. Shimoliy hududarda tok ustiga yotqizilgan tuproq uyumining balandligi 20-25 sm, boshqa hududarda esa 15-20  sm bo‘lishi kerak. Kuzgi sovuqlar ham tok tupi uchun zararli. Toklar yaxshi ko‘milishi zarur.

Yomon ko‘milgan yoki kech ko‘milgan tok kuzgi sovuqlardan, keyinchalik esa qishki sovuqlardan zararlanadi, novdalarni sovuq urishi natijasida kelgusi bahorda ular qurib qoladi.

Uzumdan mo‘l hosil olinadigan tokzorlarda har 3-4 yilda gektariga 30-40 tn. miqdorida organik o‘g‘itlar solib turish zarur. Bunda o‘g‘it tok tuproqlari qishga ko‘milgandan keyin yerni 25-35 sm chuqurlikda haydab, go‘ng solinadi. Organik va mineral o‘g‘itlarni aralashmasini chuqur kovlagich bilan qaziladigan 60×60 sm li chuqurlarga tupdan 50-60 sm uzoqlikda solish ham juda samaralidir. Bunda har bir chuqurga 20-30 kg dan o‘g‘it solinadi.

Sug‘oriladigan bo‘z tuproqlarda o‘stiriladigan tokzorlarda mineral o‘g‘itlarning asosiy mikdori 90 kg fosfor va 60 kg kaliyni tashkil etadi.

Oktyabr oyi tokzorlardagi asosiy ishlar bu tok tuplariga shakl berib, navlariga qarab ko‘zlar miqdorini qoldirishdir. Avvalam bor tok kesishda birinchi galda antraknoz va bakterial rak bilan zararlangan novda va zanglar qirqib olinib, tokzordan chiqarib tashlanadi va kuydiriladi. Ko‘p hollarda dehqonlar tok tuplarini yopish uchun qirqilgan novdalardan ham foydalanishadi.

Barg va novdalarda kasallik yuqumlari bo‘lganligi uchun mavsumda tokzorlar yanada ko‘proq zararlanadilar. Shuning uchun tokzorlarni yopishda tok rudalarini qo‘llamagan ma’qul Yaxshi yopilmagan toklar qish faslida sovuqdan shikastlanadi, bu hol esa o‘z navbatida bakterial kasalligi ko‘payishiga olib keladi. Kesilgan tok tuplari qo‘ndoqlab yotqizilgan, yopishdan oldin oidium (kul), antraknoz va rak kasallik yuqumiga qarshi 3% li bordo suyuqligi yoki 5 gradusli ohak oltingugurt qaynatmasi bilan yoki mis kuporosining 1% li yoki kuporosining 3% li eritmasi bilan jiqqa xo‘llab purkash zarur.
 

 

O‘tkir  Ochidiev, Akademik M.Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Uzum seleksiyasi va agrotexnikasi bo‘lim boshlig‘i q.x.f.f.d katta ilmiy xodim.