Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimida 2023 yilda erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar

13:17 / 07.02.2024
#

  Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimida 2023 yilda erishilgan natijalar va istiqboldagi rejalar
Milliy markaz tizimida 12 ta ilmiy-tadqiqot institutlari mavjud bo‘lib, ular tomonidan 2023 yilda Davlat ilmiy dasturlari doirasida qiymati 42,3 mlrd so‘mlik 81 ta loyiha amalga oshirildi.
  Loyihalar doirasida 2023 yilda 14 ta o‘rta tolali g‘o‘za navlari tizmalari yaratilib, Davlat nav sinoviga tavsiya etildi. G‘o‘zaning yangidan yaratilgan ertapishar “S-6601” navi Navoiy viloyati, “S-278” navi Samarqand viloyati bo‘yicha istiqbolli deb topildi.
 Mahalliy olimlar tomonidan yaratilgan 11 ta g‘o‘za navlari urug‘liklari paxta yetishtiruvchi xorijiy davlatlarga jumladan, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilindi. 
  Olimlarimiz tomonidan yaratilgan don va dukkakli ekinlarning 6 ta yangi navi istiqbolli deb topildi.
G‘allachilikda ilk bor “Bug‘doyni DNK markerlari va oqsil turlari bo‘yicha genetik pasportlash” bo‘yicha tadqiqotlar yo‘lga qo‘yildi. Natijada,  yilda navning to‘liq tozaligiga erishildi va navni Intelektual mulk ob’ekti sifatida himoyalash osonlashdi, seleksiyada ishonchlilik darajasi ortdi.
  Shuningdek, g‘allachilikda “Speed Breeding” dasturi asosida tezkor seleksiya usuli joriy etilib, bir yilda 3-4 marta duragay olish, nav yaratish muddatini 3 martaga, ya’ni an’anaviy usuldagi 12-14 yildan 3-4 yilga qisqartirish tizimi yaratildi. Bunda, yangi yaratilgan navlarning stress omillarga chidamliligi ortadi.
Sabzavot yo‘nalishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 12 ta yangi nav yaratilib, 6 ta nav Davlat reestriga kiritildi. Shuningdek, O‘zbekiston-Vengriya kartoshka ilmiy markazi bilan hamkorlikda tanlab olingan Vengriya seleksiyasiga mansub 5 ta kartoshka navi davlat reestriga kiritildi.
Aytish mumkinki, sholichilik tarmog‘ida ham samarali ilmiy-tadqiqotlar olib borildi. Natijasiga ko‘ra 2 ta yangi sholi navi rayonlashtirildi.
Xorijiy ilg‘or tajribalar asosida respublikamiz sharoitida ilk bor “Sholidan ikki marta hosil olish texnologiyasi” ishlab chiqildi. Bunda, birinchi hosildan gektaridan 65 ikkinchi hosildan esa o‘rtacha 55 sentner hosildorlikka erishildi. Aytish mumkinki, ushbu texnologiya orqali 1 gektar maydonda bir yilda o‘rtacha 120 sentner sholi hosili yetishtirish ilmiy isbotlandi.
  Joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar sifatida Milliy markaz tizimidagi institutlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 27,4 mln dollar mablag‘lar ajratilishi yuzasidan dasturlar tasdiqlandi. 
2024 yil rejasiga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi negizida Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tashkil etiladi. 
  Qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar  talablaridan kelib chiqqan holda 7 ta ilmiy-tadqiqot institutlari transformatsiya qilinadi 24 ta yangi zamonaviy biotexnologik va molekulyar genetik tahlillarni o‘tkazuvchi yo‘nalishlar tashkil etiladi. Yangi ilmiy yo‘nalishlarda ilmiy darajali kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bunda iqlim o‘zgarishi bilan shug‘ullanadigan yo‘nalishlar kengaytiriladi.