Piyoz – hosili ham, daromadi barakali ekin

10:14 / 23.10.2023
#

Piyoz – hosili ham, daromadi barakali ekin

Bugungi kunda dunyo bo‘yicha piyoz (Allium cepa L.) 4,5 mln gektar maydonga ekilib, 92,1 mln. tonna mahsulot yetishtirilmoqda. O‘rtacha hosildorlik 19,31 t/ga ni tashkil etadi. O‘zbekistonda esa o‘rtacha hosildorlik gektaridan 24-25 tonnani tashkil etmoqda.

Piyoz yetishtirish Xitoy – 23 907 mln tonna (25,96%), Hindiston – 19 415 mln tonna (21,09%), AQSh – 3,025 mln tonna (3,29%), Eron – 2,345 mln tonna (2,55%) yetakchi o‘rinni egallaydi va shu bilan birga piyoz ushbu davlatlar sabzavotchiligida asosiy ekinlardan biri hisoblanadi.

 Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, 2023 yilda respublikamizda hududiy hokimliklarning takliflariga asosan barcha toifa xo‘jaliklari tomonidan 2024 yil hosili uchun jami 529 ming ga avgust piyozi, sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekish belgilangan.

Jumladan, fermer xo‘jaliklarida 75,8 ming ga, aholi tomorqalarida 186,8 ming ga hamda dehqon xo‘jaliklarida 266,4 ming ga maydonlarga ekiladi. Shundan, 195,7 ming ga piyoz, 66,8 ming ga sarimsoqpiyoz, 71,4 ming ga sabzi, 17 ming ga osh lavlagi, 117,7 ming ga ko‘katlar, 17,3 ming ga rediska, 43,1 ming ga karam ekinlari ekiladi.

Ushbu maqolamizda piyoz o‘simligi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berishni reja qilganmiz. Piyoz qimmatli oziqaviy, parhezbop va dorivor xususiyatga ega bo‘lgani uchun u insonning hayotida alohida o‘rin tutadi. Uning hidi ishtahani ochadi, mazasi turli xil taomlarga xushbuylik beradi, o‘zi esa ovqat hazm qilishni yaxshilaydi. Uni yil davomida xom, pishirilgan, qovurilgan, qaynatilgan, quritilgan va tuzlangan hollarda iste’mol qilinadi. Piyozboshi va yashil barglari yil davomida iste’mol qilinadigan sabzavot bo‘lib, tarkibida juda ko‘p azotli moddalar (1,7-2,5 %), shakar, efir moylar, vitaminlar, fermentlar, kalsiy va fosfor tuzlarini saqlaydi. Efirmoylari ularga o‘ziga xos hid va o‘tkir maza berib turadi. Xalq tabobatida piyoz yurak kasalliklarida, virusli va onkologik kasalliklarda, buyrak va zamburug‘li kasalliklarni davolashda, absess, furunkul va dermatitlarni, gipertoniya va aterosklerozni davolashda va ularning profilaktikasida ishlatiladi. Piyoz tarkibidagi RR vitamini qon tomirlarini mustahkamlaydi, ularni elastik va harakatchan qiladi.

Oddiy boshpiyoz tarkibidagi efir moylarining miqdoriga qarab 3 guruhga: 1. Achchiq (tarkibida efir moylari juda ko‘p, ya’ni 1 kg piyozda 0,5 grammdan ziyod). 2. Yarimachchiq (efirmoylari 1 kg piyoz tarkibida 0,5 grammdan 0,3 grammgacha). 3. Chuchuk piyozlarga (efir moylari 1 kg piyoz tarkibida 0,3 grammgacha) bo‘linadi.

Haroratga munosabati. Piyoz sovuqqa chidamli o‘simlik. Uning urug‘i  3-5 So haroratda nishlay boshlaydi, piyozboshi esa o‘sadi. O‘simlikning o‘sishi va rivojlanishi uchun qulay harorat 18-28 So hisoblanadi. Unib chiqqan o‘simliklari -2–3 So gacha sovuqqa chidaydi, pishgan piyozboshlari esa -10-12 So gacha qisqa muddatli sovuqqa ham chidaydi. Muzlagan va asta-sekin muzdan tushgan piyozlar hayotchanligini yo‘qotmaydi. Piyozning bargi 6-7 So gacha sovuqqa chidaydi.

Yorug‘likka munosabati. O‘simlik hayotining turli davrlarida yorug‘lik intensivligiga talabi bir xilda bo‘lmaydi. Ular o‘sish davrining boshlarida, barglari o‘sib chiqqanda unchalik katta bo‘lmaydi, lekin piyozboshlar shakllanayotgan vaqtda birdan kattalashadi. Shuning uchun barra piyoz o‘stirayotganda o‘simlikni bir oz soyalatish juda muhim. O‘simlik yirik boshpiyoz uchun o‘stirilganda soyalatish piyozboshlar shakllanishini kechiktiradi va hosilni kamaytiradi.

Suvga talabi. Piyozboshning shakllanishi va yetilishi oziq moddalarga va o‘simlikning suv bilan ta’minlanganligiga bog‘liq. Urug‘ qancha qalin ekilsa, o‘simlik oziq moddalar va suv bilan qanchalik kam ta’minlansa, piyozbosh shunchalik tez shakllanadi va mayda bo‘ladi. Agar har gektar yerda 200 - 400 ming o‘simlik o‘stirilsa va oziqlanish sharoiti yaxshi bo‘lsa, yirik oziq-ovqat uchun ishlatishga yaroqli piyozbosh yetiladi. Suv berish me’yori avvaliga gektariga 450-500 m³/ga, piyozboshlar shakllanish davrida esa 550-600 m³/ga bo‘lishi tavsiya etiladi.

Oziq moddalarga talabi. Piyozdan yuqori hosil olish uchun yer holatiga bog‘liq ravishda gektariga 150-200 kg azot, 150-160 kg fosfor va 75-80 kg kaliy solinadi. Shudgorlashda tuproqqa yillik rejadagi fosforning 75%, kaliyning hamma miqdori, ekish oldidagi boronalashda fosforning qolgan kismi (25%), azot esa ikkiga teng bo‘linib, yaganalashdan so‘ng maysalarning 1-2 chinbargligida hamda piyozboshlar shakllana boshlaganda beriladi.

Tuproq sharoitiga talabi. Mexanik tarkibi yengil qumoq bo‘lgan och tusli bo‘z tuproqlar piyoz uchun yaxshi hisoblanadi. Sho‘rlangan va botqoq tuproqlar esa yaroqsiz. Qator oralari ishlanadigan, dalani begona o‘tlardan tozalaydigan karam, kartoshka, pomidor va bodring yaxshi o‘tmishdosh. Piyoz ekilgan maydonga va ildizmevali sabzavotlardan so‘ng ekish tavsiya etilmaydi. Bunga sabab piyoz ekiniga zararkunanda va kasalliklarining kuchli zarar keltirishi hosildorlikning keskin kamayishiga olib keladi.

Yerni ekishga tayyorlash. Piyoz o‘stirish uchun eng yaxshi yer maydonlari organik moddalarga boy, ishqoriyligi rH=6,4-7,9 bo‘lgan tuproqlardir. Piyoz yengil, qumoq va begona o‘tlardan toza bo‘lgan bo‘z tuproqlarda yaxshi hosil beradi. Og‘ir soztuproqli, botqoqlashgan va sho‘rxok yerlarda piyozdan yuqori hosil olib bo‘lmaydi.

Piyoz urug‘larini ekishga tayyorlash. Oddiy piyozning urug‘lari odatda quruqligida ekiladi, ammo ekish kechikkan paytlarda urug‘ni toza va tez-tez almashinib turadigan suvda 1-2 sutka davomida ivitiladi. Piyoz urug‘ini ekishga tayyorlashda kasalliklarga qarshi dorilash yaxshi natija berishi kuzatilgan. Umuman aytganda, piyozning tezlik bilan unib chiqishi, hosildorligi yuqori bo‘lishi, kasalliklarga kamroq chalinishi maqsadida urug‘lar ekishdan avval saralanadi va kalibrovka qilinadi, ho‘llanadi, chiniqtiriladi, dezinfeksiya qilinadi, mikroelementlar bilan ishlov beriladi hamda maxsus drajelar ko‘rinishiga keltirish yaxshi samara beradi.

Urug‘larni ekishdan 25-30 kun oldin 2,5% Maksim-0,4 ml/kg, 31,2% Seles Top 4-0,6 ml/kg dorilab ekish tavsiya etiladi. Bu esa har – xil virusli kasalliklarni oldini oladi.

Piyozni ekish. O‘zbekiston iqlimi shart-sharoitida oddiy boshpiyoz asosan quyidagi muddatlarda: 1. Erta bahorda – fevralning oxiri-mart oyining boshida;

2. Kech kuzda (bu «to‘qsonbosti» deb nomlanadi va bundapiyoz hosili bahorgisiga nisbatan 10-15% yuqori bo‘ladi) –noyabr oxiri – dekabr oylarining boshida;

3. Yoz-kuzgi muddatlarda (ertakuzda) – avgust oxiri sentyabr oylarida ekiladi.

Piyoz urug‘i bahorgi muddatda gektariga 10-12 kg yozgi-kuzgi muddatda 16-20 kg hisobidan yerning nishabiga qarab, qator oralarini 70-90 sm 4 qatorli lentasimon usulda ekiladi.Urug‘lar 1,5–2 sm chuqurlikka ekilishi tavsiya qilinadi. Piyozni chuqur ekish urug‘larning unuvchanligini pasaytiradi va maysalar o‘sishini kechiktiradi. Kuzda 1-2 marta qator oralarini kultivator bilan 15-16 sm chuqurlikda kultivatsiya qilinadi. Bir yillik o‘tlar qishda sovuqda yo‘q bo‘lib ketadi. Piyoz urug‘i ekilgach, uzoq muddat davomida maysalaydi, shuning uchun yer maydonini begona o‘tlar bosib ketishi mumkin. Bu o‘tlardan qutulish piyoz yetishtirish texnologiyasining muhim tomonlaridan biridir.

Begona o‘tlarga qarshi kurashda gerbitsidlardan foydalanish tavsiya etiladi. Bir yillik ikki pallali begona o‘tlarga qarshi: (Oksifluorfen)- 24%, Goal 2 Ye em.k., 24% Oksigard em.k., 0.5-1.0 l/ga. Qo‘llash muddati bir yillik begona o‘tlar 2-4 barg davrida purkaladi. Bir yillik boshoqli va ikki pallali begona o‘tlarga: (Pendimetalin) 33% Stomp em.k., 33% Fist em.k. 2,3-4,5l/ga. Qo‘llash muddati: ekinlarni ko‘karib chiqishigacha tuproqqa purkaladi.

Bir yillik va ko‘p yillik boshoqli begona o‘tlarga: (Setoksidim) 20% Nabu em.k. 3,5 l/ga, (Bromoksinil oktanoat) 28% Nougrin em.k.-1,5-2,0 l/ga, (Galoksifop –R-metil) 10,4% Galoksifop Super em.k., 10,4% Zellek ekstra em.k., 10,4% Ramon super em.k. – 1,0 l/ga. Qo‘llash muddati: begona o‘tlarning bo‘yi 10-15 sm bo‘lganda purkaladi.

Begona o‘tlarning zarari tufayli piyoz hosili 25-30% kamayishiga olib keladi. Begona o‘tlarga qarshi kurashda almashlab ekish, mexanik, agrotexnik chora-tadbirlarni sifatli o‘tkazish, mineral o‘g‘itlarni o‘z vaqtida berish muhim ahamiyatga ega.

No‘shdan piyoz yetishtirish. Piyoz yetishtirishning boshqa usullariga no‘shdan, mayda piyozboshlardan, ko‘chatdan barra piyoz yetishtirish kabilar kiradi. Ba’zan kuzda (oktyabr-noyabr oylarida) yoki erta bahorda no‘shpiyoz (mayda piyozboshlar) ekiladi. No‘shpiyoz kuzda ekilgani ma’qul, chunki mayda piyozboshlarni qishda saqlash ko‘p chiqitga chiqishiga olib keladi. No‘shpiyoz pushtalarga yoki tekis dalalarga bo‘ynigacha botirib ikki qatorlab lenta shaklida ekiladi. Bunda lentalar orasi 50-60 sm va qatordagi piyozlar orasi 10 sm qilib ekiladi. No‘shdan boshpiyoz yetishtirish uchun o‘sish davri mobaynida gulpoyalarni muntazam ravishda yulib turish kerak. No‘shdan ekilgan piyoz urug‘dan yetishtirilgan piyozga qaraganda begona o‘tdan kam qiynaladi va yaganalanmaydi. Boshqa parvarishlash tadbirlari odatdagicha o‘tkaziladi. No‘shdan ekilgan piyozlar urug‘dan ekilgan piyozlarga nisbatan erta yetiladi va yuqori hosil beradi. Hosili, odatda, iyun-iyul oyida yig‘ishtirib olinadi. Lekin, no‘shpiyozdan yetishtirilgan piyozlar yaxshi saqlanmaydi, shuning uchun ham ular ko‘pincha yoz-kuz davrida iste’mol qilinishi lozim.

Piyozni ko‘chatidan yetishtirish. Piyoz asosan urug‘idan ekib yetishtiriladi. So‘nggi yillarda piyoz ko‘chatidan takroriy ekin sifatida ekib yetishtirish texnologiyasi ishlab chiqildi. Bu usulda piyoz yetishtirish uchun uni 4-5 kg urug‘i piyoz ekiladigan maydonga yaqin bo‘lgan joyda 50- 60 m2 yerga 4x1 sm sxemada mart oyining 15-20 kunida ekiladi. Piyoz ko‘chati 45-50 kunlik bo‘lganidan so‘ng doimiy o‘sadigan yerga ko‘chirib ekiladi. Piyoz ko‘chati yetishtirishda “Daytona F1”, “Banko F1” “Istiqbol” va “Qoratol” kabi nav va duragaylarni ekish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Piyoz ko‘chatini ertaki kartoshka yoki karamdan va hatto boshoqlilardan bo‘shagan yerlarga ekib yetishtirish mumkin. Buning uchun ertaki sabzavotlardan bo‘shagan yer qisqa muddatda tayyorlanib, egatlar olinib, sug‘oriladi, so‘ng piyoz ko‘chati to‘rt qatorli lentasimon usulda ((40+10+10+10)/4)x7,5 sm sxemada)) ekiladi. Shu sxemada ekilsa gektariga 800 ming tup ko‘chat joylashtiriladi. Ko‘chat ekilganidan so‘ng 2-3 kun mobaynida sug‘orilishi kerak. Piyoz o‘sish davrida qator orasi 2-3 marta kultivatsiya qilinib, 6-7 marta sug‘oriladi. Oziqlantirish va boshqa texnologik jarayonlar urug‘idan ekib yetishtiriladigan piyoznikiga o‘xshashdir. Hosili sentyabr oyining oxri oktyabr oyining boshlarida yetiladi va gektardan o‘rtacha 60-65 tonna mahsulot beradi.

Bu usulni ahamiyati quyidagilardan iborat:

- urug‘ sarfi 3-4 barobarga iqtisod qilinadi;

- piyozning o‘sish davrida begona o‘tlardan tozalash va yagona qilishga bo‘ladigan xarajatlar 80-90 foizga qisqaradi;

- bir yerdan bir mavsumda olinadigan yalpi mahsulot ikki barobarga ko‘payadi.- sug‘orishga sarflanadigan suv 2-2,5 baravarga kamayadi.

Piyozni sug‘orish. Kuzgi-yozgi muddatda piyoz ekilishi bilanoq ketmaket sug‘oriladi. Urug‘ni qiyg‘os undirib olish uchun urug‘ suviberiladi. Bunda suvni jildiratib oqizilib, egatlarning tepasi qoraymaguncha to‘xtatilmaydi. Shunda tuproq birtekis namlanib, urug‘larning yoppasiga ko‘karishi uchun qulaysharoit yaratiladi.Bahorgi ekishda piyoz maysalari 18-20 kunda, yozgi-kuzgimuddatda esa 8-12 kundan so‘ng unib chiqadi. Erta bahorgiva qish oldidagi piyoz ekilgan yerlarda maysalar qishdato‘plangan hamda erta bahorgi namliklar hisobiga unib chiqadi. Yozgi-kuzgi muddatlarda ekilgan piyozni maysalatish uchun zaxlatib, urug‘ suvi va undirish suvlari beriladi. Bunday sug‘orishlar har 2-3 kunda amalga oshirilib, maysalashgacha davom etadi. Piyoz o‘simligi uchun tuproq namligi 75-80% atrofidabo‘lgani ma’qul.

Piyozning kasallik va zararkunandalari: Piyoz rivojlanish davrida soxta un-shudringkasalligi (peronosporoz) va tamaki tripsidan ko‘proq zararlanadi. Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashda quyidagilar amalga oshirilishi kerak.

Soxta un-shudringkasalligiga Agrotexnik almashlab ekish, qator oralariga sifatli ishlov berish, ko‘llatib sug‘ormaslik. Biologik: Oltinko‘zning 3-4 kunlik tuxumini zararkunanda miqdoriga qarab 1:10, 1:5 nisbatda chiqarish. Kimyoviy usul (asetamiprid) mospilan 20% n.kuk, kamilot 20% n.kuk. nestor 20% n.kuk– 0,15 l/ga;(malation) karbofos 57% em.k.fufanon -1,2 l/ga. Preparatlarining birortasi bilan ishlov berish tavsiya etiladi.

Tamaki tripsidanz ararlanganda qarshi kurashish: dalani o‘simlik qoldiqlaridan tozalash, kuzda shudgorlash, qishlab qoluvchi lichinkalar sonini kamaytirishdan iborat. Bahorda piyoz barg chiqargandan so‘ng zararlayotganligi kuzatilishi bilan ularga qarshi (asetamiprid) mospilan 20% n.kuk, kamilot 20% n.kuk. nestor 20% n.kuk., 0,15 l/ga; (malation ) karbofos 57% em.k. fufanon – 1,2 l/ga. (abamektin) vertimek 1,8% em.k., preparatlarnibirortasibilanishlovberishtavsiyaetiladi.

Hosilni yig‘ish va saqlash:  Hosilni yig‘ish. Bahorda va kech kuzda ekilgan piyozlarsentyabr-oktyabr boshlarida, avgustda ekilganlari esaiyul-avgust boshlarida yig‘ib olinadi. Piyoz pishganda piyozbosh yumshab, keyin bo‘yni quriydi, barglari so‘lib, yerga yotib qoladi. Piyoz barglari to‘la quriguncha kutib turish yaramaydi, chunki kechikib yig‘ishtirib olingan piyoz yaxshi saqlanmaydi. Piyoz KTN-2B, KST-1,4 markali kovlagichlar bilan yoki qo‘lda bir marta yig‘ishtiriladi. Uni to‘la mexanizatsiya yordamida yig‘ishtirish uchun LKG-1,4 va PML-6 markali mashinalardan foydalaniladi.

 Alohida ta’kidlash lozimki, mamlakatimizda piyozni yangi serhosil va turli muddatlarda yetishtirishga mos navlarini yaratish, urug‘idan, ko‘chatidan hamda no‘shidan yetishtirishda takomillashgan texnologiyalarni, xususan suv tejovchi texnologiyalar - tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish tizimini qo‘llash orqali hozirgi kunda bir qator fermerlarimiz piyozdan yaxshi hosil olishmoqda.

O‘zbekistonda har gektar maydondan o‘rtacha 20-25 tonna piyoz hosili olinmoqda. Biroq, Respublikaning sabzavotchilik sohasidagi ilg‘or xo‘jaliklarida piyozdan yuqori hosil olishga erishmoqdalar. Jumladan, Jizzax viloyati, Zomin tumani, Chorvador QFY hududidagi “Jilg‘alisoy shabadasi” fermer xo‘jaligida dalalariga tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish natijasida, mahalliy piyoz navlaridan har gektar maydondan 150 tonna hosil yetishtirishga erishganlar.

Hosilni saqlash. Qazib olingan piyozlar bir necha kun xirmonga yoki dalaga yupqa yoyilib, quyoshda quritiladi. Quritish vaqtida piyozlar bir oz namni yo‘qotadi, barglariso‘liydi, piyozbosh esa 3-4 quruq po‘stlarga, ya’ni ularni kelgusida qurib qolishdan saqlaydigan qattiq po‘stlarga o‘raladi. Qurigan piyoz barglari kesiladi va piyozning yirikligiga, yetilish darajasiga qarab ajratiladi. Barglarni piyozbosh uchidan 3-4 sm qoldirib kesish kerak. Agar barglar pastdan kesilsa, piyozboshning ichiga turli bakteriya kiradi hamda saqlash vaqtida piyozning ko‘pi chiqitga chiqib ketadi. Piyozboshlar uch guruhga ajratilib farqlanadi:

 1) tovar mahsuloti uchun yirik va o‘rtachalari ajratiladi. Ular yaxshi yetiladi va qishda saqlashga yaroqli bo‘ladi;

2) to‘la yetilmagan, bo‘yni yo‘g‘on, shuningdek, shikastlangan, keyinchalik saqlashga yaroqsiz piyozboshlar bo‘ladi;

3) mayda, ya’ni no‘sh piyozlar, tovarmahsulot bo‘lmaydi, kelgusi yili qayta ekilib, ulardan ko‘kpiyoz yoki piyozbosh yetishtiriladi.

Piyoz quruq, yaxshi shamollatib turiladigan xonalarda 20-40 sm qalinlikda yoyilgan holda yoki sig‘imi 10-15 kg li yashiklarga solingan holda saqlanadi. Katta yashiklarda, qoplarda esa piyoz yaxshi saqlanmaydi. Iste’molga ishlatiladigan piyozlarni saqlash uchun qulay harorat +0,5,+10S°, havoning nisbiy namligi esa 75-80% hisoblanadi.

 

Shuhrat TEShAEV

 Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsilar

milliy markazi ijrochi direktori, professor

 Rustam NIZOMOV

Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik

ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor