Paxtachilikni rivojlantirish yo‘lida yana bir qadam

15:20 / 13.02.2024
#
#
#
#
#
#
#
#
#
#

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xalqaro paxtachilik maslahat kengashi ijrochi direktori Erik Traktenbergni qabul qildi.

   Unda joriy yilning oktabr oyida Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan VIII “Xalqaro paxta ilmiy-tadqiqoti konferensiyasi” tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

   Shuningdek, O‘zbekiston bilan paxtachilik yo‘nalishida hamkorlikni chuqurlashtirish, Xalqaro paxtachilik maslahat kengashining mamlakatdagi faoliyatini kengaytirish, tashkilotga a’zo mamlakatlarga samarali xizmat ko‘rsatish yo‘llarini topish va paxtachilik yo‘nalishidagi loyihalarni ko‘paytirish, shu jumladan, konferensiya oldi targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

   Vazir Ibrohim Abdurahmonov o‘z navbatida agrosanoat sohasida hamkorlikni kuchaytirish, fermerlarga xizmat ko‘rsatishning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, agrar sohadagi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan hisoblangan paxta yetishtirish va urug‘chilik, paxtachilik tarmog‘ining yangi istiqbollari yuzasidan mavjud kelishuvlar va klasterlar faoliyatini yana-da rivojlantirish hamda o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash istiqbollari yuzasidan o‘z takliflarini o‘rtaga tashladi.

   Qolaversa, konferensiyani yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha hozirdan ishchi guruh o‘z ishini boshlagani, mazkur konferensiya biznesni rivojlantirishga yo‘naltirilgani  tadbirkorlar o‘rtasida erkin muloqot, biznes aloqalar va muzokaralar uchun keng imkoniyatlar yaratishi hamda soha rivoji uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.