PAXTA URUG‘ChILIGIGA ZAMONAVIY ILMIY YONDASHUVLAR: RAQOBAT, MANFAATDORLIK, SAMARADORLIK

16:29 / 20.12.2023
#
#
#
#
#


Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida "PAXTA URUG‘ChILIGIGA ZAMONAVIY ILMIY YoNDAShUVLAR: RAQOBAT, MAFAATDORLIK, SAMARADORLIK" mavzusida seminar - trening bo‘lib o‘tdi.
Seminar - trening ishtirokchilar uchun O‘zbekiston  Respublikasi Prezidentining 2023 yil 15 dekabrdagi "Paxtachilikda urug‘chilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qo‘shimcha chora - tadbirlari to‘g‘risidagi"gi  PQ-391-sonli qarorida belgilangan vazifalarning mazmun – mohiyatini anglash va hujjat ijrosini ta’minlashda chora-tadbirlar belgilash uchun platforma vazifasini o‘tadi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochgan Milliy markaz direktori Sh. Otajonov ushbu hujjat paxta urug‘chiligida tub burilish ekanligi, mamlakatga ilk bor chetdan paxta navlarini olib kelish va xususiy urug‘chilik kompaniyalariga paxta urug‘chiligi bilan shug‘ullanishga ruxsat berilayotgani bu esa nav mualliflari va ishlab chiqaruvchilar orasidagi munosabatlarni yaxshilash hamda manfaatdorlikni oshirishini ta’kidladi.
– Bugun qishloq xo‘jaligida yangicha munosabatlar yuzaga kelyapti. Prezidentimiz tomonidan imzolangan mazkur qaror ham fikrimga misol bo‘lishi mumkin, – dedi tadbirla so‘z olgan Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov. – Negaki, paxtachilik tarmog‘ida katta o‘zgarishlar yuz beradi. Endi paxta yetishtiruvchilarga nav tepadan tavsiya qilinmaydi. Aksincha, klaster yoki fermer xo‘jaliklari  o‘zlarining tuproq-iqlim sharoitiga mos va o‘zlariga maqbul bo‘lgan navlarni tanlab ekishlari mumkin. Yana bir muhim jihatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Qaror bilan yurtimizda ilk bor chetdan paxta navlarini olib kelib, sinov tariqasida ekish va tadqiqot ishlarini olib borishga ruxsat berilyapti. Xususiy urug‘chilik kompaniyalariga urug‘lik chigit tayyorlashga ruxsat berilayotgani tarmoqda sog‘lom raqobat muhitini yaratishi shubhasiz. 
Ishtirokchilar hujjatda belgilangan vazifalar, berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar xususida o‘zlarining fikr va munosabatlarini bildirdi. 
– Prezidentimiz tomonidan imzolangan ushbu qaror paxtachilik ilmi bilan shug‘ulladigan olim sifatida meni juda ham to‘lqinlantirdi, – deydi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy – tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, professor Shodmon Namozov. – Ushbu qarorda urug‘lik tayyorlovchilarga nav mualliflari bilan to‘g‘ridan –to‘g‘ri ishlashga ruxsat berilyapti. Bu nav mualliflarining moddiy manfaati yaxshilanadi deganidir. Bu esa ilmga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi.
Tadbirning ikkinchi qismida O‘rta Chirchiq tumanidagi yaqin kunlarda faoliyat boshlashi kutilayotgan xususiy urug‘chilik korxonasida davom etdi. Ishtirokchilarga ushbu korxonaning imkoniyatlari va rejalari to‘g‘risida ma’lumot berildi.  Ishtirokchilar xususiy urug‘chilik bilan shug‘ullanish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar. 
Tadbirda Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov, Respublika Urug‘chilikni rivojlantirish markazi rahbari Shuhrat Mamajonov va Milliy markaz tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari hamda hududiy Agroxizmatlar markazlari rahbarlari va urug‘chilik xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.