Oʻzbekistonda aqlli qishloq xoʻjaligi markazi tashkil etiladi. Bu nima oʻzi?

05:52 / 27.06.2023
#

2050-yilda fermalar qanaqa boʻladi? Qishloq xoʻjaligi qanaqa olib boriladi? Bu mavzuda fantaziyalarga berilib ketish mumkin, lekin mutaxassislarda aniq javoblar bor. Ular hozirgi qishloq xoʻjaligi bilim va innovatsiyalarini oʻrganib, kelajakda nimalar kutilayotganini aytib kelmoqda. Aqlli qishloq xoʻjaligi ana shunday kelajakni koʻrsatuvchi loyihadir.

 

Smart farming – aqlli qishloq xoʻjaligi, qisqa tushuntirganda, dehqonchilik va chorvachilikda kompyuter texnologiyalaridan foydalanishdir. Misol uchun, hozir qishloq xoʻjaligida qoʻlda qilinadigan ishlarning koʻpi robotlarga topshiriladi yoki avtomatlashtiriladi, yaʼni asbob-uskuna va mashinalarga yuklanadi. Fermerning zimmasidagi ogʻir mehnat ancha kamayadi. Sugʻorish, oʻgʻitlash ham avtomatlashadi.

 

Bundan tashqari, tuproqning sifatini, kimyoviy tarkibini, qancha oʻgʻit, qancha suv kerakligini oʻrganish kompyuterga topshiriladi. Ekin ekishda bu bilimlar hisobga olinadi, shunga yarasha har bir tuproqqa eng toʻgʻri keladigan ekinlar ekiladi, oz suv va kimyoviy modda ishlatilib, koʻproq hosil olinadi.

 

Bunday katta oʻzgarishlar uzoq kelajakda yuz beradi, bizga yetib kelishi yanada kechikadi, deb oʻylashingiz mumkin. Lekin Oʻzbekiston ham u kelajakni uzoq kutmaydi. Allaqachon aqlli qishloq xoʻjaligi bilimlarini Oʻzbekistonga olib kirish, joriy etish boʻyicha ish boshlangan.

 

Oʻzbekistonda Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Janubiy Koreya Savdo-sanoat va energiya vazirligi oʻrtasidagi hamkorlik doirasida aqlli qishloq xoʻjaligi innovatsion markazi tashkil etilishi kutilmoqda. Bu masalada ikki tashkilot oʻrtasida memorandum ham imzolandi. Kelishuvga koʻra, Janubiy Koreya Oʻzbekistonga bu markazni tashkil etishda begʻaraz yordam koʻrsatadi. Bunga jami 14 mln dollar ajratiladi.

 

Loyihaning maqsadi Oʻzbekiston atrof-muhitiga moslashtirilgan aqlli fermer xoʻjaliklarining salohiyatini oshirishga yordam beradigan markazini yaratishdir. Bu markazda ishlab chiqiladigan texnologiyalarni sinash uchun Samarqand, Buxoro, Toshkent, Jizzax va Fargʻona viloyatlarida beshta sinov xoʻjaligi tashkil etiladi. Omadli sinovdan oʻtgan texnologiyalar ishlab turgan fermer xoʻjaliklariga joriy etib boriladi. Bu orqali Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligida jiddiy oʻzgarishlar boʻladi, dehqonchilik va chorvachilikda kompyuter texnologiyalari ishlatilishi oddiy holga aylanadi. Demak, aqlli fermalarni uzoq kutmaymiz.