Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining yangi qiyofasi. Klasterlar nima?

01:28 / 14.03.2023
#

Oʻzbekistonda 2017-yilda klaster tizimi paydo boʻlganida koʻpgina jurnalistlar, blogerlar, soha vakillari unga shubha bilan qaragan, masʼul shaxslar yangi yoʻnalish ishlab turgan tizimni izdan chiqarishidan xavfsiragan edi. Hatto klasterizatsiyada qatnashgan mansabdorlardan biri – “Oʻztoʻqimachilisanoat” uyushmasi direktori Ilhom Haydarov prezident Buxoroga safari chogʻida klaster islohotini taklif qilganida qoʻrqib ketganini tan olgan edi. Mana shunday qoʻrquv va shubhalar ortidan klaster haqida notoʻgʻri talqinlar vujudga kelmoqda.

 

Aslida iqtisodiy klasterlar – Oʻzbekistonning topilmasi emas. Amerikalik iqtisodchi Maykl Porter bu tushunchani 1990-yillardayoq ommalashtirgan va tadqiqotlarida taʼriflab bergan edi. Unga koʻra, kompaniyaning raqobatbardoshligi uning atrofi qay darajada raqobatbardoshligiga bogʻliq. Shunday ekan, mahsulot ishlab chiqaruvchi uni sotuvchi ham raqobatbardosh boʻlishidan manfaatdor. Klasterlar mana shunday kompaniyalarning uygʻun faoliyatini nazarda tutadi.

 

Klasterlarning mohiyati mahsulotni ishlab chiqarishdan sotishgacha boʻlgan jarayonni qamrab olishdan iboratdir. Klaster fermerlarni, qayta ishlovchi korxonalarni, eksportchilarni oʻzida birlashtirib, qoʻshimcha qiymat hosil qilish silsilasining samarali ishlashini taʼminlaydi.

 

Qolaversa, klaster tizimi bozor iqtisodiyotiga oʻtish, xususan, paxta va donni bozor narxlarida sotib olishni boshlash yoʻlidagi bir qadam sifatida koʻrilmoqda. Harqalay, prezident 2020-yilda buni taʼkidlagan edi.

 

Klaster tizimi qay darajada oʻzini oqlaydi? U Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida jiddiy oʻsishga sabab boʻladimi? Klasterlar oʻzbek qishloq xoʻjaligining yangi qiyofasini shakllantira oladimi? Bu savollarga javob topish uchun ekspertlarning prognozlariga, shuningdek, boshqa davlatlarning tajribasiga murojaat etish mumkin. Aytaylik, Rossiyada klasterlar 2006-yilda joriy etilgan, ekspertlar tomonidan samarador deb baholangan edi. Oʻzbekistonning tajribasi haqida xulosa qilish uchun biroz vaqt talab etiladi. Yaqinda aniq natijalarga qarab baho bera olamiz.