Milliy markaz ilmiy-texnik kengashi yangi tarkib va rejalar asosida o‘z ishini boshladi

11:54 / 21.02.2024
#
#
#
#
#
#
#
#

Bugun Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi Ilmiy-texnik kengashining birinchi yig‘ilishi boʻlib oʻtdi.
Milliy markaz direktori Sh.Otajonov qishloq xo‘jaligi vazirining tegishli buyrug‘iga asosan nufuzli olimlardan tarkib topgan Ilmiy-texnik kengash faoliyatini yo‘lga qo‘yish, agrar sohada ilmiy tadqiqotlar sifati va samaradorligini oshirishda ushbu kengashning o‘rni xususida so‘z yuritdi.  
Kengash a’zolari Milliy markaz huzuridagi ilmiy muassasalarning ilmiy-tadqiqot ishlari va ilmiy-innovatsion faoliyat yuzasidan hisobotlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Ekspert kengashlari nizomi hamda uning tarkibini tasdiqlash masalasi atroflicha muhokama qilindi. Ekspertlar kengashiga turli tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatayotgan qator olimlarni a’zo sifatida kiritish taklif qilindi. 

📌Ta’kidlash lozim, Ekspert kengashlari kamida 9 nafar va ko‘pi bilan 21 nafar mutaxassis-olimlardan iborat tarkibda shakllantiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-dekabrdagi 1030-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq ilmiy-tadqiqot muassasalari direktorlari hamda Milliy markazning ilmiy darajali xodimlari lavozim maoshiga ustama to‘lash to‘g‘risidagi masala komissiya tomonidan qayta ko‘rib chiqish sharti bilan asos sifatida tasdiqlandi.
  
Dissertasiya natijalari amaliyotga tatbiq etilganligini tasdiqlash va ma’lumotnomalar berish masalasi qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Kengash a’zolari bu jarayonda ortiqcha qog‘ozbozlik va ovoragarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, biroq ma’lumotnomalar haqiqatda joriy etilgan texnologiyalar va ishlanmalarga berilishi zarurligini ta’kidladilar. Kelib tushgan 10 ta murojaatdan 6 tasiga ma’lumotnoma berish, 4 tasida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qaror qabul qilindi.  

Shuningdek, kengashda davlat buyurtmasi sifatida e’lon qilish uchun taqdim etilgan mavzularni tasdiqlash hamda Milliy markaz muassisligida “Agroinnovatsiyalar” ilmiy jurnalini tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi. Kengash a’zolari agrar sohadagi ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari hamda sohaga oid innovatsiyalar, texnologiyalar transferiga oid materiallar chop etiladigan ilmiy jurnalga ehtiyoj mavjudligini ta’kidlab, bir ovozdan ma’qulladilar.