Ko‘p yillik bug‘doy liniyalari ustida ilmiy-tadqiqot olib borilyapti

09:11 / 11.12.2023
#
#
#

Keyingi yillarda issiqlik va qurg‘oqchilikning kuchayib borishi lalmikorlikda yaylov hamda dehqonchilikda foydalaniladigan yerlarning qisqarishiga olib kelmoqda.

Keyingi 3 yilda kuchli issiqlik va qurg‘oqchilik ta’sirida lalmikor maydonlarning (Qashqadaryo, Jizzax va boshqa viloyatlar) asosiy qismida bug‘doy hosili olinmadi. Qolgan qismida esa don hosildorligi juda past (5 s/ga) bo‘ldi. Bunday holatlar soha olimlari zimmasiga mas’uliyat yuklamoqda.

O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti olimlari bu kabi masalalarga yechim topish maqsadida Amerikaning Tuproqshunoslik instituti bilan hamkorlikda ko‘p yillik bug‘doyning issiq va qurg‘oqchilikka yuqori chidamli liniyalarini tanlash va ular asosida lalmikor va shartli sug‘oriladigan, meliorativ holati og‘ir yerlarda yangi ko‘p va bir yillik navlar yaratish borasida ilmiy ish olib bormoqda. O‘rganilayotgan liniyalardan issiqlikka chidamli, ko‘p yillik xususiyatini saqlab qolganlari tanlab olinib, yaylov talabiga javob beradigan liniyalar yaratish bo‘yicha ishlar o‘tkazilmoqda.

Ma’lumki bugungi kunda non uchun ekilayotgan yumshoq bug‘doy navlari ildiz uzunligi 1,7-2,0 metr bo‘lib, ildizining asosiy qismi (96%) 24 sm da joylashgan.

Ko‘p yillik bug‘doyning 2016 yilda ekilgan namunasi keyingi 7 yil (2016-2023 yy) davomida uzluksiz o‘sib, rivojlangan liniyalari issiqqa, qurg‘oqchilikka, zang va zararkunandalarga o‘ta chidamliligi aniqlandi.

Tanlab olingan ko‘p yillik bug‘doy liniyalari 20 ga yaqin rayonlashgan yumshoq bug‘doy navlari bilan chatishtirilib 1500 tadan ortiq duragay avlodlari (G‘2, G‘3, G‘4, G‘5) turli pitomniklarda o‘rganilmoqda.

Bundan tashqari yaylov uchun mos keladigan, ildiz tizimi baquvat, ildizining umumiy uzunligi 2,7-3,0 metr, ildizning asosiy qismi (97%) yerga chuqur (85-95 sm) o‘sib kirganlari tanlab olinmoqda.

Sug‘oriladigan yerlarda ekilayotgan yumshoq bug‘doy navlari ildizi uzunligi 1,7-2,0 metr, ildizining asosiy (97%) qismi 24 sm da, lalmida 18-19 sm ni tashkil etadi xolos.

Tabiiy yaylovlarda o‘sayotgan bahorgi ekinlarning ko‘k massa hosildorligi 4-5 s/ga tashkil etsa, ko‘p yillik bug‘doyning ko‘k massasi hosildorligi 4,2 t/ga ni tashkil etadi.

Tanlab olingan ko‘p yillik bug‘doy liniyalari Qoraqolpog‘iston Respublikasi va bashqa viloyatlarning lalmi va shartli sug‘oriladigan, meliorativ holadi og‘ir, degrodatsiyaga uchragan yerlarida sinov ishlari olib borilib, 2024-2025 yillarda 2 ta nav Davlat nav sinoviga topshiriladi.