Issiqxonada mahsulot yetishtirishda e’tibor qaratadigan muhim omillar

07:46 / 12.12.2023
#
#
#
#
#

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan barakali daromad olishda issiqxona xo‘jaligining o‘z o‘rni bor. Boisi, mahsulotni bozorga birichilardan bo‘lib chiqarasiz. Foyda ham shunga yarasha bo‘ladi. Ammo holva degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaganidek, issiqxonada mahsulot yetishtirishning ham o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Kasallik va zararkunandalar ozgina e’tiborsiz qolgan ekinga zarar keltiradi. Ushbu maqolada issiqxona ekinlariga zarar keltiradigan kasallik va hasharotlar hamda ularga qarshi kurash choralari to‘g‘rsida ma’lumot beramiz.

Kuzgi tunlam. Respublikamiz sharoitida barcha joylarda uchraydi. Issiqxona sharoitida barcha ekinlarni  zararlaydi. Ushbu tunlam ekinning yosh nihollik paytida poya bandini ildiz bo‘g‘zidan kemirish natijasida quriydi. Kuzgi tunlam issiqxonalarga organik o‘g‘itlar bilan tuproqqa ishlov berilganda yoki tuproqni vaqti – vaqti bilan almashtirilganda zararkunanda kirib rivojlanib, yosh nihollarning ildiziga zarar yetkazadi.

Simqurt va soxta simqurtlar. Simqurtlar chertmakchilarning, soxta simqurtlar esa qora qo‘ng‘izlarning lichinkalaridir. O‘zbekiston sharoitida sabzavot ekinlarini chertmakchilardan ko‘proq Turkiston chertmakchisi va mo‘ylovdor qo‘ng‘izsimon chertmakchi shikastlaydi. Qora qo‘ng‘izlardan esa cho‘l sekin yurar qo‘ng‘izi va burundor qora qo‘ng‘iz – Dailognatha nasute Men. zarar yetkazadi.

Simqurt va soxta simqurtlarning rivojlanishi ko‘proq tuproqning fizikaviy xususiyatga bog‘liq bo‘lib, 2-3 yilda bir marta avlod beradi. Bu davr ichida turli xil organik qoldiqlar bilan bir qatorda o‘simlik ildizlarini (ayniqsa ko‘chatlik davrida) hamda keyinchalik poyasining tepa qismiga harakatlanib kemirib shikastlash natijasida o‘simlik o‘sishdan to‘xtaydi va qurib qoladi. Umumiy hosildorlik keskin pasayadi.

Nematodalar. Oddiy ko‘zga ko‘rinmaydigan mikroskopik rangsiz yumaloq chuvalchanglar shaklida bo‘ladi. O‘simlik ildizida urchuq yoki dumaloq shakldagi odatda marjonga o‘xshab tizilgan diametri 1-6 mm bo‘rtma, tuguncha, qavariqlar hosil qiladi. Ular o‘q ildizda kamroq bo‘lib, yon ildizlarida esa ko‘p miqdorda uchrashi natijasida, o‘simlikning bo‘yining pasayishi, barg sarg‘ayishi yoki qizg‘ish tus olishi, o‘simlik so‘lishi kuzatiladi. Buning oqibatida  ildiz ksileimasining faoliyati buzilishi, o‘simlik suv va ozuqa moddalarini yetarli darajada olmasligi natijasida fotosintez jarayoni pasayadi. Natijada o‘simlik nimjon bo‘lib, mevasining o‘lchami va og‘irligi kamayadi. Boshqa zamburug‘ kasalliklar (fuzarioz so‘lish, nihol kasalliklar) ga moyilligi kuchayadi.

         Pomidor zang kanasi issiqxonadagi yetishtirilayotgan pomidorda uchraydi. Bu zararkunanda o‘simlikning o‘suv davrida vegetativ va hosil beruvchi generativ a’zolarini barcha qismini zararlaydi. Zararlanish oqibatida pomidor barglarining orqa qismi kumushsimon yaltiroq rangga kirib, keyinchalik bu barglar yashilligini yo‘qotishi natijasida qurib to‘kiladi. O‘simlikning poya va novdalarida esa notekis shaklli qo‘ng‘ir rangli dog‘lar paydo bo‘ladi, mevalarining usti yorilib, to‘r hosil qiladi. 

        O‘rgimchakkana. Issiqxona sabzavot ekinlarida zarar keltiradigan  o‘rgimchakkana polifag hisoblanib, u 248 dan ortiq barcha kishloq xo‘jalik ekinlarini zararlaydi.  Bu zararkunanda bilan zararlangan o‘simlik  qattiq zararlashi natijasida barglari to‘kilishi natijasida keyinchalik  qurib qolish xolati kuzatiladi. O‘rgimchakkana o‘simlikning o‘suv davrining boshlang‘ich davrida zararlaganda hosildorlik 50 % gacha  nobud bo‘lishi mumkin .

 

O‘simlik bitlari-sabzavot ekinlarida o‘simlik bitlarining bir necha turlari mavjud bo‘lib, ayrim yillari hosildorlikni 50 % gacha kamaytiradi. Bitlar o‘simlik shirasini so‘rib uning rivojini kechiktiradi. Sabzavot ekinlarida g‘o‘za yoki poliz biti, beda yoki akatsiya biti, shaftoli bitlari o‘chrab, jiddiy zarar keltiradi.

Lichinkalar rivojlanib to‘rt marta tullaydi va beshta yoshni kechiradi.O‘simlik bitlari barg hujayralari shirasini so‘radi buning oqibatida poya va ildizlardagi uglevodlar miqdori keskin kamayib ketadi. Qattiq zararlangan barglarning shakli o‘zgaradi va buralib qoladi. Bundan tashqari barglarda hosil bo‘lgan shiralarda saprofit zamburug‘lar rivojlanib o‘simliklar rivojlanishini susaytiradi, ba’zi hollarda esa o‘simlik butunlay qurib ham qoladi.

 

         G‘ovak hosil qiluvchi pashshalar. G‘ovak hosil qiluvchi pashsha 1999 yilda respublikamizda birinchi marta zarar yetkizishi aniqlangan. Pashshalarning lichinkasi va yetuk zotlari o‘simlikka zarar keltiradi. Lichinkalari barg to‘qimalari orasiga siljib, o‘ziga xos rasmli g‘ovak – yo‘l hosil qiladi. Oqibatda bargning fotosintezda qatnashadigan sathi kamayadi. Ayniqsa o‘simlik yosh davrida hamda zararkunandaning zichligi katta bo‘lganda talofat ko‘radi. Qattiq shikastlangan o‘simlik barglari hatto oqarib qolishi mumkin.

Pomidor kuyasi. Issiqxonadagi pomidor ekinining bir necha turdagi zararkunandalar bilan zararlanishi bizga ma’lum, lekin 2015 yilda Navoiy, Buxoro va Toshkent viloyatlarining ayrim issiqxonalarida ekilayotgan pomidor ekinidagi pomidor kuyasi bilan zararlanayotgan, 2016 yilda esa butun Respublika bo‘yicha tarqalganligi aniqlandi.

Pomidor kuyasi xavfli zararkunanda bo‘lib, asosan tomatdoshlar oilasiga mansub bo‘lgan: pomidor, kartoshka, baklajon, ituzum, yovvoyi pomidor va tamaki  ekinlarini zararlaydi. Bu hasharotning kapalagi asosan kechqurun harakatlanadi. Kapalagining uzunligi 8-10 mm bo‘lib, qanotlari kulrang yaltiroq, old tomonida qora dog‘lar joylashgan. Urg‘ochi kapalak o‘simlik bargining ostki, ustki va o‘suv nuqtalariga 250-300 tagacha tuxum qo‘yadi. Tuxumi och sariq rangda bo‘lib 0,36-0,22 mm keladi. Tuxumdan chiqqan qurtlar oqish kulrang bosh qismi qoramtir bo‘ladi. Qurtlari 4 yoshni o‘tab g‘umbakka aylanadi.

Gamma tunlami. Keng tarqalgan zararkunanda bo‘lib hisoblanadi. Bu  asosan o‘simlik bargi bilan oziqlanadi. Kapalak old qanotlaridagi gamma shaklida yaltiroq kumushrangda belgisi bo‘lib, qurtida ikki juft qorin oyoqlari yetishmasligi sababli, u odimchilar singari bukilib harakat qiladi. Gamma tunlami g‘umbaklik shaklida tuproqda qishlab chiqib, kapalaklari aprel oyida uchib chiqa boshlaydi. Kapalaklari qo‘shimcha oziqlangach, urchigandan so‘ng 500 tadan 1500 tagacha tuxumni to‘p-to‘p qilib qo‘yadi.

Issiqxonada kuzga yaqin sabzavot ekilgan joylardan tashqaridan kirib qoladi va kutilmaganda kuz-qish davrida pomidor va bodring ekinlariga to‘satdan katta zarar yetkazishi mumkin. To‘satdanligi shundaki, zich joylashgan qurtlar to‘da (uya) lar hosil qiladi; u o‘z vaqtida sezib qolinmasa 2-3 kecha ichida o‘simliklarni bargsiz qoldirishi mumkin.

Issiqxonada uchraydigan zarararkunandalarning tur tarkibi, tarqalishi, keltiradigan zarari, bioekologik xususiyatlari, iqtisodiy zarar miqdori mezonini aniqlagan holda agrotexnik, biologik, kimyoviy kurash usullarini amalga oshirilaganda sifatli va yuqori hosildorlik olishga erishiladi.

 

AGROTEXNIK KURASh USULI.

           - Issiqxonada tuproqdagi zararli mikroorganizmlarga qarshi zararsizlantirish ishlari olib borish;

           - Issiqxonalar atrofi tashqaridan zararkunandalar kirib kelmasligi uchun maskit setkalar bilan o‘raladi; 

           -    Ekin ekish uchun tuproq sifatli tayyorlanadi;

           - Ko‘chatlarda kasalliklarni oldini olish uchun tavsiya etilgan fungitsidlar yordamida ishlov beriladi;

           - Ekilgan ko‘chatlarni vegetatsiya davrida mineral va organik o‘g‘itlarni o‘z vaqtida avtomatlashtirilgan tizimda olib borish;

           - O‘simliklar o‘suv davrida uchraydigan zararkunanda va kasalliklarni doimiy ravishda nazorat qilish va o‘z vaqtida qarshi kurash ishlarini o‘tkazish;

           -  Zararkunandalarning o‘chog‘i bo‘lgan begona o‘tlardan tozalash;

           - Zararlangan o‘simliklar issiqxonadan chiqarilib ko‘mish yoki yoqib yuborish

           - Ituzumguldoshlar oilasiga mansub bo‘lmagan ekinlar bilan almashlab   ekish;

           - Issiqxona tuprog‘ini va qurilmalarini (konstruksiyalarini) barcha texnik vositalarini dezinfeksiya qilish;

           - Zararkunandaning paydo bo‘lish muddati aniqlash hamda uning sonini nazorat qilish uchun feromon tutqichlaridan foydalanish;

 

BIOLOGIK KURASh USULI

Hozirgi paytda jinsiy feromonlari qo‘llanilib, kutilgan natijaga erishilmoqda Bu feromonlar suvli idish o‘rtasiga joylashtiriladi, suvning yopishqoqligini oshirish uchun, idish ichidagi suvga 100 ml suyuq sovun yoki moy solinadi va yerdan 1 metr balandlikda joylashtiriladi. Bu feromonli tutqichlar gektariga 10-20 tadan qo‘llanilganda samarasi yuqori bo‘ladi. Sariq yelim surtilgan ekranlarni gektariga 35 tadan ilib qo‘yish ham pomidor kuyasining kapalaklarni tarqalishini oldini oladi.

Tunlam tuxumlariga qarshi trixogrammani 1:10 va 1:15 nisbatda qo‘llanilganda yuqori samara beradi. Tunlamlarning qurtlarga qarshi esa brakon 1:5, 1:10 va 1:15 nisbatlarda har 10-kunda tarqatilganda maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Issiqxonalardagi sabzavot ekinlardagi o‘simlik bitlari va kanalarga qarshi oltinko‘zni 3-4 kunlik tuxumini zararkunanda soniga qarab 1:10, 1:5 nisbatlarda qo‘llanilganda yaxshi natija beradi.

 

KIMYoVIY KURASh USULI

Issiqxonalardagi sabzavot ekinlardagi zararkunandalarga qarshi zararkunandalarning biologiyasini bilgan holda iqtisodiy zarar miqdor mezonga qarab quyidagi kimyoviy preparatlarni qo‘llash tavsiya etiladi.

So‘ruvchi zararkunandalar o‘simlik bitlari, o‘rgimchakkana, zang kanasi, oqqanotlarga qarshi insektoakaritsidlardan qo‘llanilaganda, kanalarning miqdori bitta o‘simlikda 5 % dan ko‘p bo‘lganda quyidagi preparatlardan birini qo‘llash tavsiya etiladi:

omayt, 57% k.em. gektariga 1,0 - 1,5 l (etuk zotiga, lichinkasiga); nissoran, 10% n.kuk. gektariga 0,1 kg (tuxumiga); vertimek, 1,8% em.k. gektariga 0,3-0,4 la (etuk zotiga, lichinkasiga) ); flumayt, 20% sus.k. gektariga  0,2 l (etuk zotiga, lichinkasiga); ortus, 5% sus.k. gektariga 0,75 l (etuk zotiga, lichinkasiga).

Oqqanot va bitlarining iqtisodiy zarar miqdor mezoni bo‘yicha 1 ta o‘simlikda 5% dan oshganda quyidagi preparatlardan birini qo‘llash tavsiya etiladi: mospilan, 20% n.k. - 0,15-0,3 l/ga; karbofos, 50% em.k. gektariga 1,2-2,0 l; kalipso, 48% sus.k. gektariga 0,1-0,15 l va boshqa ruxsat etilgan kimyoviy preparatlar bilan ishlov beriladi.

G‘ovaklovchi pashshaga esa quyidagi preparatlar konfidor, 20% em.k. gektariga 0,25 - 0,4 l; vertimek,  1,8% em.k. gektariga 0,6 l; karbofos, 50% em.k. gektariga 1,2-2,0 l; fufanon, 57% em.k. gektariga 2,4-3,6l; mospilan, 20% n.k. gektariga 0,15 l; applaud, 25% gektariga  0,5 l; deltafos, 36% em.k. gektariga 1,25-1,5 l qo‘llash tavsiya etiladi

Kemiruvchi zararkunandalar pomidor kuyasi, gamma tunlami, g‘ovak hosil qiluvchi pashshalarning ya’ni  qurtlarning miqdori me’yorida ortiq bo‘lganda quyidagi preparatlardan birini qo‘llash tavsiya etiladi:

Avaunt, 15% sus.k. gektariga 0,4-0,45 l; desis, 2,5% k.e. gektariga 0,7 l; mospilan, 20% n.k. gektariga 0,3 l; karate, 5% em.k. gektariga 0,4 l bagira, 20% em.k. gektariga 0,3% l;  altыn, 1,8% em.k. gektariga 0,4 l va agrofos, 55% em k. gektariga 1,5 l; ampligo, 150 k.s. gektariga 0,6-0,8 l; takumi, 20 % s.e.g. gektariga 0,4 l; kapito, 9,3% k.e. gektariga 0,45 l 2 marta ishlov beriladi.

 Ildiz zararkunandalar simqurt, soxta simqurt, kuzgi tunlam, nematodalarga qarshi insektitsidlardan ya’ni - sabzavot ekinlarida zararkunandalardan 1 m2 da 1-2 tadan ortiq bo‘lganda simqurt, soxta simqurt, kuzgi tunlam, lichinkalariga qarshi amalga oshiriladi. Buning uchun piretiroid insektitsidlar, ayniqsa desis preparatidan gektariga 0,7 l. purkab, ketidan suv berish yaxshi natija beradi. Issiqxonalarda ko‘chat ostiga tayyor eritmani 100-150 ml quyib chiqilganda yaxshi samara beradi.

 

Pomidorning fuzarioz so‘lish (vilt) kasalligi ham issiqxonalarda, ham ochiq dalalarda uchraydi. Kasallik qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ pomidordan boshqa ekinlarni zararlamaydi.  Zamburug‘ o‘simlikka ildizi orqali kiradi. Zararlangan urug‘, urug‘barg va yosh nihollar butunlay chirib ketadi. Kasallik pomidorning pastki barglari, ko‘pincha bir tomondan sarg‘ayishi va o‘simliklar so‘lg‘in bo‘lib qolishidan boshlanadi. So‘ligan barglar quriydi va novdalarda osilib qoladi. Zararlangan novdalarda sariq chiziqchalar hosil bo‘ladi. O‘simliklar zaiflashadi va ularning bo‘yi past bo‘lib qoladi. Poya qiya kesilsa, o‘tkazuvchi to‘qima qo‘ng‘ir tus olgani ko‘rinadi. Vilt o‘simlikning pastki qismidan o‘simlik tepasigacha tarqaladi. Ortiqcha azotli o‘g‘it berish kasallikni kuchaytiradi. Zamburug‘ tuproqda 11 yilgacha saqlanishi, mavsumdan mavsumga urug‘ orqali ham o‘tishi mumkin.

Pomidorning fitoftoroz kasalligini zamburug‘ qo‘zg‘atadi.  Keyingi yillarda kasallikning tarqalishi ochiq dalalarda 70% ga yetgan, issiqxonalarda ham keng tarqalmoqda. Salqin va nam (yomg‘irli, shabnamli) ob-havoda pomidor mevalarining 60-70% zararlanishi mumkin. Odatda kasallik o‘simliklar gullashi paytida boshlanadi. Oldin barglarning ustida qaynoq suvga kuyganga o‘xshash dog‘lar paydo bo‘lib, keyin ular qo‘ng‘ir tus oladi, barg to‘qimasi yupqa, qog‘ozsimon bo‘lib qoladi. Nam ob-havoda barglar ostidagi dog‘lar atrofida mayin, yupqa, oqish mog‘or qatlami paydo bo‘ladi. Yuqori namlik va iliq haroratda barglar butunlay chirishi va deyarli barcha o‘simliklar nobud bo‘lishi mumkin. Zararlangan to‘pgullarning gulbandlari va kosachabarglari qorayib, qurib qoladi. Novdalarda uzunchoq, qizg‘ish-qo‘ng‘ir dog‘lar rivojlanadi, novda va barglar kuyganga o‘xshab qoladi. Mevalar ustida qattiq, noto‘g‘ri shaklli, qo‘ng‘ir tusli, usti biroz g‘adir-budur dog‘lar va yaralar paydo bo‘ladi va ular tezda chirib ketadi. Kasallik rivojlanishi uchun yuqori namlik (yomg‘ir, shabnam) va salqin harorat (10-25oS) qulay sharoit hisoblanadi.

Pomidor qo‘ng‘ir, yoki zaytun tusli dog‘lanishi (kladosporioz, barg mog‘ori) kasalligini zamburug‘ qo‘zg‘atadi. Kladosporioz issiqxonalarda pomidorning asosiy kasalliklaridan biridir. Ochiq dalalarda kamroq uchraydi, ammo ba’zan o‘simliklar yalpi zararlanishi kuzatiladi.

Kasallik pomidor gullash-meva tugishi paytlarida boshlanadi va asosan barglarini zararlaydi. Uning birinchi belgilari – pastki barglar ustida sariq yoki och-yashil, barglar ostida esa (o‘sha dog‘larning tagida) rangsiz, sarg‘ish yoki och-qo‘ng‘ir dog‘lar paydo bo‘lishidir. Barg ostidagi dog‘lar yashil-qo‘ng‘ir (yoki kulrang-qo‘ng‘ir) tusli mayin mog‘or bilan qoplanadi. Kasallik tezda tepa yarus barglariga o‘tadi. Kuchli zararlangan barglar olachipor tus oladi va quriydi.

Kasallik yalpi rivojlanganida pomidorning gul va meva bandlari, gulkosabarglari va tugunchalari ham zararlanadi va ular keyinchalik to‘kilib ketadi. Kasallikning eng kuchaygan davri meva pishishi paytiga to‘g‘ri keladi. Mevalar ustida bo‘rtgan, qattiq, zaytun rangli, mog‘or bilan qoplangan dog‘lar paydo bo‘ladi. Zararlangan to‘qimalar ustida zamburug‘ millionlab konidiyalar hosil qiladi va kasallik ular yordamida tarqaladi. Konidiyalar havo oqimlari, suv tomchilari va ishchilar vositasida tarqaladi. Ular 6-34ºS (optimum 22-25ºS) harorat va 75-98% namlikda, yorug‘lik kam yoki yo‘q paytida (kechalari) o‘sadi va barglarni zararlaydi. Kasallik 20-27ºS havo harorati va 90% dan yuqori nisbiy namligida juda tez (soatlar ichida) tarqaladi va rivojlanadi. Namlik 60% dan pastligida o‘simliklar zararlanmaydi. Ammo quruq havoga juda chidamliligi uchun, xo‘jayin o‘simlik mavjud bo‘lmaganida, konidiyalar yillar davomida hayotchanligini yo‘qotmaydi.

Kurash choralari. Chidamli navlar yaratish va qo‘llash; issiqxonalarda almashlab ekishni yo‘lga qo‘yish; havo harorati 24-25oS bo‘lishini (hech bo‘lmasa 17-18oS dan pasaymasligini), tez-tez shamollatish orqali namlik 65-70% dan oshib ketmasligini ta’minlab turish; o‘simliklarning pastki barglarini iloji boricha ertaroq yulib olib tashlash, keragidan ortiq va bosib sug‘ormaslik; stellajlar va boshqa jihozlarni xlorli ohak eritmasi bilan zararsizlantirish; urug‘likni ekishdan oldin samarali fungitsid bilan dorilash, chidamli nav ekish va o‘sish davrida Bayleton 25% n.kuk. (0,5-1,0 kg/ga), Vektra 10% sus.k. (0,3 l/ga), Topsin-M 70% n.kuk. (1,0 kg/ga), Folikur BT 22,5% em.k. (0,3-0,5 l/ga), 1% li Bordo suyuqligi, mis oksixloridi, 90% n. kuk. (2,4 kg/ga) yoki boshqa fungitsidlardan birini purkash yoki suvga benomil qo‘shib sug‘orish (2.1-jadval) tavsiya qilinadi. Tez-tez ishlatilsa, patogen benzimidazollarga chidamli bo‘lib qolishini esda tutish lozim.

Maqola Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan taqdim qilingan.