ILM-FAN VA ISHLAB CHIQARISH INTEGRATSIYASI

06:11 / 24.10.2023
#
#
#
#
#

Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti olimlari Respublikamiz agroklasterlari hamda fermer xo‘jaliklari, mashinasozlik korxonalarida bo‘lib, ilm-fan va ishlab chiqarishni uyg‘unlashtirish yo‘lida faol ishlar olib borishmoqda. 

Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Qashqadaryo, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari dalalarida viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, hududiy agroxizmatlar markazlari, hamda innovasion rivojlanish agentligining hududiy boshqarma vakillari bilan hamkorlikda qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash sohasida ilmiy va amaliy tavsiyalar berish, ilmiy va innovasion yutuqlarni targ‘ib etish bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazishmoqda. 

Bunda institut olimlari tomonidan agroklasterlar, fermer xo‘jaliklari vakillari va mexanizator-operatorlarga ekinlardan bo‘shagan maydonlarni sifatli shudgorlash uchun traktor va pluglarni ishga tayyorlash, sozlash hamda haydovni to‘g‘ri tashkil etish,  tuproqqa minimal ishlov berish, anorzorlar qator orasiga ishlov berish, organik va mineral o‘g‘itlarni aynan anor ildiziga yaqin masofaga me’yorlab solish, sovuq urishini oldini olish maqsadida anor tuplarini o‘z vaqtida sifatli ko‘mish borasida tavsiyalar berildi. Shuningdek, lalmi, qir-adirliklar va sho‘rxok yerlarda mahsulot yetishtirish, chorvachilik fermasida ozuqa tayyorlash mashinalarini rostlash, paxta hosilini mashinalar yordamida nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish, boshoqli donni g‘o‘za qator oralariga sifatli ekish, zamonaviy yuqori unumli qishloq xo‘jaligi texnikalaridan samarali foydalanish va ularni yuqori unum bilan ishlatish masalalari muhokama qilindi,
Olimlar jamoasi Chirchiq qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasteri “AgroTech Klaster” vakillari bilan ham muloqot qildi. Muloqot davomida institut olimlari tomonidan yaratilgan yangi ishlanmalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi. Shu jumladan, keng qamrovli mola tekislagich va chizel kultivatorni ko‘plab ishlab chiqarish masalalari mutaxassislar bilan kengashildi.

O‘tkazilgan seminar-treninglar, muloqotlar yakunida agroklaster va fermer xo‘jaliklari vakillari, mexanizatorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga olimlardan malakali javob olishdi hamda sohadagi muammolarni hal qilish uchun o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish va bu borada qilinadigan ishlar yuzasidan kelishib olindi.