Biz qanday natijalarga erishyapmiz?

12:17 / 29.11.2023
#

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tizimida 2023 yilning 9 oyi davomida ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan davlat dasturlari doirasida 81 ta 42,3 mlrd so‘mlik loyihalar bo‘yicha tadqiqot ishlari olib borildi. Amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari bo‘yicha  g‘o‘zaning 2 ta, bug‘doyning 6 ta yangi navi hududlar bo‘yicha istiqbolli deb topildi, o‘rta tolali g‘o‘zaning 12 ta tizmalari esa dala nazoratida tekshirishga tavsiya etildi.  O‘rta tolali g‘o‘zaning 2 ta yangidan yaratilgan navlari davlat reestriga kiritildi, ingichka tolali paxtaning 3 ta navi – “SP-1607”, “Termiz-202 va Termiz-208” navlari Surxondaryo viloyati uchun istiqbolli deb topildi.

Birgina paxtachilik tarmog‘ida seleksiya yutuqlari va foydali modelga 16 ta, - mexanizatsiya vositalari yangi ishlanmalariga 4 ta patent olindi.

G‘allachilik tarmog‘ida olib borilayotgan ilmiy izlanishlar ham o‘zining ijobiy samarasini beryapti. Misol tarqasida aytadigan bo‘lsak, Milliy markaz tizimidagi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan yaratilgan bug‘doyning yangi “Ultra” tez pishar navi amaliyotga joriy qilinib, Andijon viloyatida 25 may kuniga qadar o‘rib – yig‘ib olindi. Hosildorlik esa gektariga o‘rtacha 85 s/ga ni tashkil etdi. Buning ahamiyatli tomoni shundaki, bug‘doy tez pishib yetiladi. Shu bois uning o‘rnida nafaqat takroriy, balki asosiy turdagi ekinlarni ekish imkoniyati ham yaratildi.

Shuningdek, kuzgi bug‘doyning Milliy markaz tizimidagi Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidn yaratilgan “Shыmbay” va “Aral” navlari Davlat reestriga kiritildi va istiqbolli deb topildi. Ushbu navlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining sug‘oriladigan ekin maydonlariga ekish uchun tavsiya etildi. Bundan tashqari,  yangidan yaratilgan kuzgi bug‘doyning “Qaraqalpaqstan-100” navi, sholining “Almaz”, tritikalening “Kerder” va arpaning “Yantarnыy-3” navlari davlat nav sinash markaziga topshirildi.

Sabzavotchilik yo‘nalishiga to‘xtaladigan bo‘lsak, sabzavot va polizning 3 ta navi Davlat reestriga kiritildi hamda Vengriya seleksiyasiga mansub 221,7 ming dona oldindan ekib kelinayotgan hamda mahalliy seleksiyaga mansub 215 ming dona kartoshkaning “in-vitro” sharoitida urug‘lik ko‘paytirish yo‘lga qo‘yildi.

Bog‘dorchilikda intensiv va super intensiv tipdagi bog‘lar uchun mahalliy sharoitlarga mos, issiqlik va qurg‘oqchilikka chidamli, serhosil va eksportbopligi uchun tanlab olingan 6 xil mevali ekinning 11 ta navidan yangi istiqbolli ko‘chatchilik usulida yiliga 750 ming donadan ko‘chat yetishtirilib, xo‘jaliklarga yetkazib berildi.

Seleksiyaning uzluksizligini ta’minlash maqsadida tizimdagi 7 ta ilmiy muassasaga 12 xil ekin turining morfo-biologik va qimmatli-xo‘jalik belgilariga ega 366 ta kolleksiya namunalari birlamchi seleksion manba sifatida foydalanish uchun yetkazib berildi. Tizimdagi qishloq xo‘jaligi ekinlari Milliy genofondidan foydalanish asosida yaratilgan 2 yangi nav – moshning “Barqaror”va soyaning “Zarbuloq” navi respublika bo‘yicha asosiy ekin sifatida istiqbolli nav deb tan olinib, Davlat reestriga kiritildi.

Milliy markaz tizimidagi ilmiy muassasalarda 17 nafar xodim  shu jumladan 3 nafari fan doktori va 14 nafari falsafa fanlari doktori dissertatsiya ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilishdi.