Agrotavsiya

09:50 / 08.11.2023
#
#
#
#

Issiqxonada ishni qanday tashkil qilish kerak?
Issiqxona qurdingizmi, ishni nimadan boshlashni bilmayapsizmi? Unda ushbu maqolani albatta o‘qib chiqing! Rasmiy telegram kanalimiz va saytimizni kuzatib boring. Biz sizga faqatgina ilmiy asoslangan tavsiyalarni taqdim etamiz. Boisi, mutaxassislarning tavsiyasiga amal qilish sizga faqat foyda keltiradi.
Issiqxona sabzavotchiligi qishloq xo‘jaligining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, xalqimizni qorli-qirovli kunlarda ham sarhil, servitamin oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlashda katta ahamiyatga ega.
Lekin, issiqxonalarda sabzavot ekinlaridan yuqori hosil olishda chet el duragaylarini qimmat baholarga sotib olib yetishtirish va mineral o‘g‘itlarni ko‘p qo‘llashning o‘zi yetarli emas. Bunda barcha agrotexnik chora-tadbirlar to‘g‘ri va o‘z vaqtida bajarilishi, ekinlar uchun issiqxonalarda maqbul mikroiqlim yaratilishi yuqori va sifatli hosil garovidir.

Issiqxonada sabzavot yetishtirish uchun yil davomida qilinadigan ishlar ro‘yxati:
Dekabrda – issiqxonalarda xo‘jalik asboblari ta'mirlanadi va dizenfektsiya qilinadi. Issiqxona uchun go‘ng va chirindi tayyorlanadi. Yangi parniklar uchun chuqurlar qaziladi. Ertangi karam urug‘ini sepish uchun issiqxonalar chirindilardan tozalanadi va urug‘lari sepiladi. 
Yanvarda – issiqxonalar chirindilardan tozalanadi, so‘ng go‘ng va tuproq bilan to‘ldiriladi. Issiqxonalarda ertangi karam urug‘lari 15 yanvar oyigacha sepiladi. Shuningdek bodring va pomidor ekinlari o‘z vaqtida parvarish qilib turiladi. Ertangi karam ko‘chatlari yakkalanadi. Issiqxona atrofidagi maydonlarga ekiladigan ko‘chatlar go‘ng chirindili tuvaklarga ko‘chiriladi.
Fevralda – issiqxonalar baqlajon, qalampir urug‘lari sepishga tayyorlanadi. Issiqhonalardagi karam ko‘chatlari sug‘oriladi, shamollatiladi va oziqlantiriladi. Bodring va pomidor ko‘chatlari ko‘chat yetishtiriladigan issiqxonadan hosil yetishtiriladigan boshqa issiqxonaga ko‘chiriladi. Issiqxonaga rediska, ukrop, kashnich, shavel ekiladi.
Martda – issiqxonalarda pomidor, qalampir, baqlajon ko‘chatlari yetishtirish uchun chirindili tuproqlar bilan to‘ldiriladi. Ertangi pomidor ko‘chatlari tuvaklarga ko‘chiriladi. Kechki pomidor, baqlajon va qalampir urug‘lari martning birinchi 10 kunligida sepib tugallanadi.
Aprelda – issiqxonalarda dalaga ekish uchun pomidor, qalampir, baqlajon, ko‘chatlari tanlanadi. Ko‘chatlar yig‘ishtirib olingan issiqxonalar dorilab o‘rniga pomidor, qalampir, baqlajon, baqlajon, bodring, qovoq va boshqa ekinlar ekiladi. Rediska va turli ko‘katlar: barra, piyoz, shavel, ukrop, kashnich yig‘ishtirib olinadi.
May oyida – issiqxonalardagi pomidor, qalampir, baqlajon, ko‘chatlari va boshqa ekinlar ko‘chatdan bo‘shagan issiqxonalarga ekiladi. Ilgari shu ekinlar bilan band bo‘lgan issiqxonalar chopiq qilinadi, sug‘oriladi va fosforli o‘g‘itlar bilan o‘g‘itlanadi. Issiqxonalarda yoppasiga pomidor uzila boshlaydi.
Sentyabrda – issiqxonaga va uning atrofiga ekilgan pomidor, qalampir hamda baqlajon hosili uzilgach, oxirgi suv beriladi. Issiqxonaning isitish asbob-uskunalari ta'mirlanib, kuzgi-qishki mavsum uchun issiqxonlarga bodring ko‘chati ekiladi. Go‘ng-chirindili tuvaklar tayyorlanadi.
Oktyabrda – issiqxona va uning atrofidagi maydonlarga ekilgan pomidor, qalampir va boshqa ekin poyalari yig‘ishtirib olinadi. Yerga kompost yaxshilab aralashtiriladi. Issiqxonalar uchun chirindili tuproq tayyorlanadi va issiqxona atrofidagi maydon shudgorlab chiqiladi.
Noyabrda issiqxonalardagi asbob-uskunalarni tuzatish va issiqxonalarni ta'mirlash ishlari davom ettiriladi. Issiqxona bodring va pomidor urug‘larini sepishga tayyorlanadi. Urug‘ ekiladigan yashiklar yasaladi, so‘kchaklarga tuproq to‘ldiriladi. Issiqxonalar uchun go‘ng va chirindili tuproq tayyorlanadi.
Material Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti tavsiyalari asosida tayyorlandi.