Agrar sohadagi tadqiqotlar xonadon sharoitida ham o‘tkaziladi

09:48 / 26.02.2024
#
#
#
#
#

Endi qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar xonadon sharoitida ham o‘tkaziladi. Bu haqda Milliy markaz direktori Sh. Otajonov bugun bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qildi. 

Ilk loyihalar Xorazm viloyatida amalga oshirilishi qayd etildi. Bu borada dastlabki qadamlar ham tashlangan. Ayni kunlarda Milliy markaz tizimidagi Sholichilik ilmiy tadqiqot instituti, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti va akademik Mahmud Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari va ilmiy xodimlari Xorazm viloyatida ishni tashkil qilish yuzasidan mahallalarda uchrashuvlar o‘tkazishmoqda.

Yig‘ilishda masofadan turib ishtirok etgan ushbu ilmiy muassasalar rahbarlari Xorazmda dastlabki loyihalarni amalga oshirish yuzasidan ma’lumot berdi.

Milliy markaz rahbari Sh. Otajonov aholi tomorqalarida kichik ilmiy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan izoh berarkan “tadqiqotlarni xonadon sharoitida o‘tkazishni bejiz tajriba qilmayapmiz. Sababi ilmda erishayotgan natijalarimiz eng avvalo, aholi tomorqasida samara berishi kerak. Chunki ilmiy-tadqiqotlarimizning foydalanuvchisi tuproq bilan tillashuvchi yurtdoshlarimiz. Ular dehqonchilik qilishda ilmga ishonishi va tayanishi kerak” deya ta’kidladi.

Natijasiga qarab ushbu tashabbus istiqbolda respublika bo‘ylab ommalashadi.

Yig‘ilishda shuningdek, boshqa kun tartibidagi boshqa muhim masalalar va agrar yo‘nalishdagi xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish masalasi ham muhokama qilindi.