Agrar soha olimlari Bo‘stonliqda bog‘ yaratmoqda

04:04 / 29.03.2024
#
#
#
#

     Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida yurtdoshlarimiz va mehnat jamoalari tomonidan “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi va uning tizimidagi Toshkent viloyatida joylashgan ilmiy muassasalar jamoalari ham ayni kunlarda Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlarida 5 gektarlik bog‘ yaratishga kirishgan.

     Bahor faslining ko‘chat  ekishga qulay bo‘lgan har bir daqiqasidan unumli foydalanayotgan ilmiy muassasalar jamoalari bugungacha 1470 tup olma daraxti ko‘chatlarini o‘tqazishdi. Bugungi shivalab yog‘ayotgan yomg‘ir ko‘chat ekuvchilarning ishiga biroz halal bergan bo‘lsa-da, ekilgan ko‘chatlarning tezda o‘zini tutib ketishini ta’minlashi shubhasiz.

     Ob-havoning qulay kunlaridan foydalanib, yana 1030 tup olma ko‘chatlari ekiladi. Natijada Bo‘stonliqning bahavo tog‘ yon bag‘irlarida agrar soha olimlarning 2500 tup turli-tuman hosildor navlardan iborat 5 gektarlik olma bog‘i yaratiladi. Ekilgan har bir ko‘chatga e’tibor va mehr berilib, yaratilayotgan bog‘ kelgusida xalqimiz mevasiyu soyasidan bahramand bo‘ladigan “Olimlar bog‘i”ga aylanadi.