АGRAR SOHA ILM – FANINI RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA CHORALAR BELGILANDI

10:27 / 05.12.2023
#
#
#
#
#

Bugun 5-dekabr sanasida, Oʼzbekiston Respublikasi Qishloq xoʼjaligi vaziri Ibrohimjon Аbdurahmonov vazirlik huzuridagi Qishloq xoʼjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga tashrif buyurdi. 

Tashrif jarayonida kengaytirilgan yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda Milliy markaz boshqaruvi apparati xodimlari va tizimdagi ilmiy tadqiqot institutlari rahbarlari bevosita va Qorqalpogʼiston Respublikasi va viloyatlarda faoliyat koʼrsatayotgan agroxizmatlar markazlari rahbarlari onlayn ishtirok etdilar.
Vazir Ibrohimjon Аbdurahmonov oʼz soʼzini ilmni, agrar sohani rivojlantirishdagi ahamiyati bilan boshladi. Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, mamlakatimiz aholisini oziq-ovqat mahsulotlariga boʼlgan ehtiyojini toʼlaqonli qondirishda qishloq xoʼjaligi ekinlarining yangi hosildor navlarini yaratish va ularni ishlab chiqarishga tatbiq qilish hayotiy zarurat ekanligini taʼkidladi.  Bunda ilmiy – tadqiqot institutlarida ilmiy salohiyatni oshirish, zamonaviy laboratoriyalarni tashkil qilish, eng muhimi zamonaviy laboratoriyalarda ilm bilan shugʼullanib, yuqori natijadorlikka erisha oladigan yosh olimlarni tarbiya qilish, ularni ilm-fan rivojlangan xorijiy davlatlardagi eng nufuzli ilmiy muassasalarda bilimlarini yanada boyitish zarurligiga va bu ishlar uchun harakatlar boshlanganini qayd etdi. Vazir tugayotgan 2023 yilda atigi 5 nafar talabani grant sohibi boʼlgani juda past koʼrsatgich deb baholadi. Endilikda vazirlik tizimidagi 20 ga yaqin ilmiy - tadqiqot institutlaridan 200 nafar yoshni chetda oʼqitish boʼyicha topshiriq berdi. 

Mamlakatimiz agrar sohasi ilm – fanini rivojlantirishda erishilayotgan yutuqlar bilan birgalikda yechimini kutayotgan muammolar toʼplanib qolganligiga alohida eʼtibor qaratdi. – "Oʼziboʼlarchilik kayfiyati bilan ishlab yurgan odamlar bilan koʼzlangan natijaga erishib boʼlmaydi. Shu bois bizi tizimda tubdan islohot oʼtkazamiz. Maqsadimiz, ilm – fanni rivojlantirish va Qishloq xoʼjaligi fanlari akademiyasini tashkil qilishdir", – dedi vazir I. Аbdurahmonov

Kengaytirilgan yigʼilishda tashkiliy masala ham koʼrib chiqildi. Shuxrat Ibrayimjonovich Otajonov vazirlik huzuridagi Qishloq xoʼjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi jamoasiga Bosh direktor etib tayinlangani maʼlum qilindi. Shuningdek, Milliy markaz rahbarining tegishli masalalar boʼyicha oʼrinborsarlari va maslahatchisi ham yigʼilish ishtirokchilariga tanishtirildi. 
Shundan soʼng vazir I. Аbdurahmonov tizimdagi ilmiy-tadqiqot institutlari va hududiy agroxizmatlar markazlari- “АKIS”larning moddiy texnik baʼzasini yaxshilash, kadrlar masalasi va bino-inshootlar rekonstruktsiyasini oxiriga yetkazish ishlariga toʼxtalib oʼtdi. Yigʼilish soʼngida markaziy apparatda iliq jamoaviy muhitni yaratish, xodimlar maʼnaviy-maʼrifiy didini yuksaltirish uchun maʼnaviy – maʼrifiy ishlarni jonlantirish, teatr kunini tashkil etish, yozuvchi-shoirlar bilan uchrashuvlar oʼtkazish boʼyicha takliflar berildi.