Tuproq yemirilishiga qarshi kurashda teraklarning foydasi

#

Tuproq yemirilishi dehqon-fermerlarga juda yaxshi tanish va ogʻriqli mavzudir. Bu holat bosqichma bosqich, sekin yuz beradi, tajribasi kam fermerlar buni payqamay qolishi ham mumkin. Lekin bu eʼtiborsizlikning oqibatlari juda xavfli boʻlishi mumkin: hosildorlikning tushib ketishi mayli, hatto bunday yerlarga ekin ekib boʻlmay qolishi ham mumkin. Harqalay, 1920-yillarda Amerika Qoʻshma Shtatlarida betartib dehqonchilik mana shunday oqibatlarga olib kelgan, soha inqirozga uchragan edi. Ikkinchi jahon urushidan soʻng bu davlatda xatolar oʻrganilib, tuproq yemirilishiga qarshi choralar koʻrish boshlandi, ilmiy tadqiqot natijalariga asoslanib, dehqonchilik sogʻlomlashtirib borildi, lekin oʻsha inqirozning oqibati haligacha toʻliq oʻtib ketgani yoʻq: 1990-yillarda Amerikada har yili 3 mlrd t. hosildor tuproq ust qatlami yoʻqotilgan.

 

Bu kabi davlatlarning tajribasini inobatga olib yaratilgan maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyotida tuproq yemirilishiga qarshi kurashish boʻyicha koʻplab qoidalar ishlab chiqilgan. Ularning asosiylari quyidagilardir:

 

- tuproq yemirilishini kamaytiradigan ekinlar ekish;

 

- podalarni bitta yaylovda uzoq vaqt boqmaslik – bu yer bosib-yanchib tashlanishining oldini oladi;

 

- tuproq yemirilishini kamaytiradigan ishlov berish usullaridan foydalanish;

 

- maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyotidan foydalanish;

 

- meʼyorida suv berish;

 

- qiya joylashgan dalalarda sugʻorishni koʻndalang olib borish – bu suvni tejashga, ortiqcha suv chiqib ketmasligiga xizmat qiladi;

 

- yomon ob-havo sharoitida tuproq tuzilishini buzib yuboradigan yerga ishlov berishni toʻxtatib turish;

 

- daraxt ekib ixotalash;

 

- dala chetlariga qalin va baland ekin ekish. Hech eʼtibor berganmisiz, dalalarning chetlariga avvaldan terak va boshqa baland daraxtlar ekib kelingan. Bu chora dalalarni shamoldan asraydi, chunki shamol tuproqning ustki qavatini “supurib” ketib, yemirib yuboradigan tabiiy hodisadir.

 

Maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyotining ushbu boshqaruv qoidasi boʻyicha koʻproq maʼlumotga ega boʻlib, oʻz xoʻjaligiga joriy qilishni istaganlar hududiy agroxizmat (AKIS) markazlariga va ularning maslahat guruhlariga murojaat qilib, kerakli bilim va maslahatlarni olishi mumkin.

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari