Taomdagi qotil yoxud oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashning ahamiyati

#

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotib olganda uning sifatiga va xavfsizligiga (yaʼni sogʻligʻingizga zarar keltirmasligiga) qanday baho beramiz? Koʻpincha mahsulotning tashqi koʻrinishiga qaraymiz, yangimi, eskirib qolganmi, shubhali dogʻlari bormi-yoʻqmi qaraymiz. Lekin bundan ortiq baho bera olmaymiz, buyogʻiga fermerlar va sotuvchilarning halolligiga ishonch bildiramiz. Ammo isteʼmol qilayotgan mahsulotlarimizning xavfsizligiga, yetishtiruvchi va sotuvchilardan tashqari, oʻzimiz ham masʼulmiz.

 

Oziq-ovqat xavfsizligi muammosi bugun global miqyosda muhokama qilinmoqda. Eng koʻp muhokamaga sabab boʻlayotgan jihat – oziq-ovqat xavfsizligini ekin ekishdan boshlab ovqat yeyishgacha boʻlgan bosqichda taʼminlash, yaʼni bu silsilaning barcha ishtirokchilarida oziq-ovqat xavfsizligi madaniyatini shakllantirishdir.

 

Shunday ekan, ovqatdan zaharlanish, toksikoinfeksiya va boshqa kasalliklarning oldini olish hammaning umumiy vazifasidir. Bu silsilaning boshlangʻich nuqtasi OʻUHQ – oʻsimliklarni uygʻunlashgan himoya qilishdir. Bu juda katta va alohida mavzu. Kundalik hayotda tayyor mahsulot xavfsizligini taʼminlash muhimroq. Bunga erishish aslida qiyin emas – ekspertlar quyidagi birlamchi amaliyotlarni tavsiya qiladi:

 

- barcha yuzalar va idishlarni yuvish va dezinfeksiya qilish;

- gigiyenaga rioya qilish;

- mahsulotlarni toʻgʻri saqlash;

- shaxsiy darajada organizmni yaxshi bilish, kimning qanday allergiyasi bor, kim qanday mahsulotni koʻtara olmaydi, bu haqda maʼlumotga ega boʻlish.

 

Yuqoridagilar koʻpchilik biladigan ishlar boʻlishi mumkin. Ularning real ahamiyatini teranroq anglash uchun faktlarga murojaat qilamiz. BMTning 2019-yil fevralidagi maʼlumotga koʻra, har yili 600 mln kishi tarkibida bakteriya, virus, toksin va ximikat bor mahsulotdan zaharlanadi, shulardan 420 mingi olamdan oʻtadi. Bu raqamlar oziq-ovqatni toʻgʻri saqlash va gigiyenaga rioya qilishday oddiy amaliyotlarga boshqacha koʻz bilan qarashga majbur qiladi.

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari