Sugʻorishdagi isrofgarchilikning kelajagimizga taʼsiri

#

Sugʻorish uchun qancha suv sarflayapsiz? Sugʻorishdagi isrofgarchilik kelajagimizga qanday taʼsir koʻrsatadi?

 

Oʻzbekistonda 4,2 mln gektardan ortiq sugʻoriladigan yer maydoni bor. Barcha qishloq xoʻjaligi ekinlari sunʼiy sugʻorib yetishtiriladi. Bu yerlarni sugʻorish uchun 300 ga yaqin yirik gidrotexnik inshoot ishlatiladi. Bunday raqamlarni davom ettirish mumkin. Lekin sonlarning ortidagi maʼnoni tushunish muhimroq. Oʻzbekistonda dehqonchilik sugʻorish ishlariga juda koʻp sarflanmoqda.

 

Buning ikki tomondan zarari bor. Birinchidan, suv aql bilan ishlatilmasa, bu resurs tez tugaydi. Ikkinchidan, yerni ortiq darajada koʻp sugʻorish hosildorlikni pasaytiradi, ekinlarning tomiri chirishiga olib keladi.

 

Oʻzbekistonda suv isteʼmoli bilan bogʻliq yana bir masala bor. Elektr energiyasi yetkazishda 30 dan ortiq GES ishlatiladi. Ularning koʻpi eski boʻlib, taʼmirlash, texnik koʻrikdan oʻtkazish yaxshi yoʻlga qoʻyilmagan, baʼzida mutaxassislar yoʻqligi, baʼzida eʼtiborsizlik bunga toʻsqinlik qiladi. GESlarning ishdan chiqishi aholini nafaqat elektrsiz, balki suvsiz ham qoldirishi mumkin.

 

Ekologiya faollari odatda suv tejashda har bir kishi masʼuliyat his qilishi kerakligini aytadi. Bu ham kerak albatta, ammo ilmiy tadqiqotlarga qarasak, suv muammosi kattaroq ekani koʻrinadi. Har bir odamni masʼuliyatli qilish juda qiyin, alohida odamlarning tejamkorligi esa umumiy muammoni hal qilmaydi. Shuning uchun olimlar suv tejash muammosini davlatlar, vazirliklar, hech boʻlmasa fermer xoʻjaliklari hal qilishi kerak deb aytadi. Davlat suv tejash siyosatini olib borsa, vazirliklar suv isteʼmolini nazorat qilsa, fermer xoʻjaliklari suv tejovchi texnologiyalardan foydalansa, shunda natija koʻzga tashlanadi.

 

Koʻrib turganingizdek, suvning koʻpligi ham, kamligi ham zarar keltirishi mumkin. Tabiatga, hosildorlikka keltiriladigan har qanday zarar esa siz-u bizning hayotimizda, kelajagimizda aks etadi: iqlim oʻzgaradi, oziq-ovqat qimmatlaydi, yashash qiyinlashadi. Shu bois suv meʼyorini ushlash juda muhimdir. Suvni meʼyorida ishlatish, yaʼni ortiqcha ham, keragidan kam ham ishlatmaslik sogʻlom dehqonchilikni, sogʻlom ekologiyani taʼminlaydi.

 

Xoʻsh, siz sugʻorish uchun suvni meʼyorida sarflayapsizmi?

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari