Sabzavotchilik boʻyicha muhim savollarga javoblar

#

Sabzavot yetishtirish oʻzbek fermerlari orasida eng keng tarqalgan sohalardan biridir. Sabzavotchilikda fermerlarimizning tajribasi katta, lekin Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi – AKIS bu tajribani yanada boyitishi mumkin. Butun dunyodan toʻplangan bilimlarni mahalliy tajriba bilan birlashtirib, hosildorlikni oshirish, tabiatga, mahsulotga va isteʼmolchiga zarar yetkazmaslik imkonini beradi bu.

 

Quyida sabzavotchilik boʻyicha AKIS’ga koʻp beriladigan baʼzi savollarga javob beramiz.

 

Issiqxonada pomidor yetishtiramiz, asosan chet el navlarini. Oʻzimizning navlarni xam ekmoqchimiz, ammo ular haqida maʼlumot yoʻq.

 

Pomidorning koʻplab mahalliy nav va duragaylari mavjud va Oʻzbekiston xududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xoʻjaligi reyestriga kirtilgan. Pomidor seleksiya boʻyicha Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida chuqurlashtirilgan tadqiqotlar olib borilmoqa. Navlarga keladigan boʻlsak, ave-mariya, gulkand, subhidam, turon, sayxun F1, bahor F1, shuningdek, cherri tipidagi – marvarid, umid Gʻ1 kabi serhosil navlarni aytish mumkin.

 

Toʻqsonbosti degan gapni koʻp eshitamiz. Bu ekish muddati, batafsil maʼlumot bormi?

 

Oʻzbekistonning iqlim sharoitida ekinlar – ertaki (erta bahordan), oʻrtaki va takroriy (yoz oylarida), avgust oyida (piyoz, sarimsoqpiyoz), kuzda (sabzavot va koʻkat) hamda dalalarni qor bosishi oldidan “toʻqsonbosti” usulida ekiladi.

 

Bu usulni dehqonlarimiz qadimdan qoʻllab keladi. Bu usulda ekilgan urugʻ 90 kunlik qishni qor ostida bosib oʻtadi. Shunga baʼzida “qorbosti” ham deyiladi.

 

Toʻqsonbosti usulida ekish sovuqqa chidamli sabzavotlardan erta koʻklamda arzon va moʻl sabzavotlarni yetishtirish imkonini yaratadi. Bundan tashqari, kundalik oziq-ovqat mahsulotlari tanqis “iliguzildi” paytida vitaminli mahsulotlar bilan ichki bozor ehtiyojini qoplaydi, eksport imkoniyatlarini kengaytirib dehqonlarni boyitadi.

 

Oqqanot hasharoti pomidor hosiliga koʻp zarar yetkazadi. Shunga qarshi kurash choralari bormi?

 

Oʻzbekistonda oqqanotning 2 turi keng tarqalgan. Pomidor, bodring, baqlajon, qovoq va boshqa ekinlarni jiddiy zararlaydi.

 

Qarshi kurashish uchun almashlab ekish, qator oralariga sifatli ishlov berish, koʻllatib sugʻormaslik usullari qoʻllanadi. Bundan tashqari, mexanik, biologik, kimyoviy usullarda ham qarshi kurashsa boʻladi. Ushbu usullarni qoʻllash boʻyicha batafsil maʼlumot uchun AKIS mutaxassislari bilan bogʻlaning!

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari