Qo‘zilarni sun’iy oziqlantirish haqidagi asosiy savollar

#

Chorvachilikda mayda masala bo‘lmaydi. Axir eng kichik detal ham chorvadan olinadigan mahsulotning sifatiga ta’sir o‘tkazadi. Jumladan, qo‘zilarni sun’iy oziqlantirish ana shunday ahamiyatga ega bo‘lgan masaladir.

 

Quyida bu masala bo‘yicha ekspertning tavsiyalarini keltiramiz. Fermerlar bu maslahatlar yordamida qo‘zilarni sun’iy oziqlantirishning asosiy qoidalari bilan tanishib chiqishi mumkin.

 

Qachon?

 

Birinchi yil tuqqan yosh ona qo‘ylar o‘z qo‘zilarini tan olmasdan, yaqiniga keltirmaydi, emizmay qo‘yadi, hatto suzib haydaydi. Bu holatdan chiqish uchun ularning qo‘zilari boshqa emizikli sovliqlarga biriktiriladi. Ammo suruvdagi sovliqlar, kam sut bo‘lib, boshqa qo‘zilar tugul, o‘z bolalariga yetarli sut berolmasligi mumkin. Yana bir misol, Romanov zotli sovliqlar 3-4 ta, ba’zan undan ham ko‘p qo‘zilaydi, ammo ona qo‘yning suti 2–3 qo‘zini o‘stirish uchun yetarli xolos. Yuqoridagi hayotiy vaziyatlarda sutsiz qolgan qo‘zilarni sun’iy usulda to‘ydirishga to‘g‘ri keladi.

 

Qanday?

 

Sun’iy oziqlantirish uchun har bir qo‘ziga 18–20 kg miqdorida sigir suti sarflanadi. Qo‘zilar 2-3 haftagacha faqat sigir suti bilan boqiladi. So‘ngra “taomnoma”ga suli doni va kunjarani qaynatib tayyorlangan sharbat asta-sekinlik bilan qo‘shib boriladi. Qo‘zichoqlar 1,5–2 oylik bo‘lgach sigir suti to‘xtatilishi mumkin.

 

“Taom”larni tayyorlash

 

Suli-kunjara sharbati tayyorlashda har bir qo‘zi uchun 40 gr suli va 20 gr kunjara olinadi. Suliga 1 litr qaynoq suv quyilib, qaynatiladi. Pishib yetilgan sulining sharbati suzib olinadi.

 

Kunjara ham 1 litr suvda 1-2 soat qaynatilib, sharbati suzib olinadi va suli sharbati bilan aralashtiriladi. Sharbat qo‘zi boshiga bir kunda 300 grammdan ichkiziladi. Qo‘zilar ikki oylik bo‘lgach, sharbat uchun 20 gr suli, 100 gr kunjara ishlatiladi. Qo‘shimcha ravishda, qo‘zilarga kuniga 25 gr suli yormasi va kepak beriladi.

 

Qo‘zilarning vitaminlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish uchun beda pichani sharbati tayyorlanadi. Sharbat tayyorlash uchun har bosh qo‘zi hisobiga 1 kg yuqori sifatli beda pichani olinib, 800 issiqlikdagi 6 litr qaynatilgan suv quyiladi va bir sutka davomida usti berkitilgan holda bo‘ktirib qo‘yiladi. Ertasi kuni uning sharbati suzib olinib, 80-850S da 5-10 daqiqa pasterizatsiya qilinadi. Keyin, harorati 36-370S bo‘lganicha sovitilib, har bir qo‘ziga kuniga 300 grammdan to 500 grammgacha ichkiziladi. Qo‘zilarni sun’iy usul bilan o‘stirishda sharbatlar maxsus emizgichlar yordamida ichkiziladi.

 

Sun’iy boqishga o‘tkaziladigan qo‘zilar 2-3 kunlikkacha o‘z onasining oldida bo‘lib, og‘iz sutidan emadi, so‘ng onadan ajratilib sun’iy sut berib o‘stiriladi.

 

Habibullo Hamdamov

ASK FACILITY loyihasining Veterinariya va chorvachilik bo‘yicha eksperti

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari