Qo‘ylar: umumiy ma’lumot

#

Qo‘ylar chorvachilikda eng keng tarqalgan jonivor turlaridan biri hisoblanadi. Qo‘yning go‘shti va juni qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida juda muhim mahsulot hisoblanadi.


Qo‘y boqish bilan bog‘liq masalalar juda ko‘p. Ularni navbatma-navbat yoritib boramiz. Quyida esa qo‘ylar haqida eng muhim umumiy ma’lumot beramiz.


Qo‘ylar turli xil iqlim sharoitiga tezda moslashadi. Ular sovuq va issiqqa chidamli, quruq cho‘l hududlarida va yashil tekisliklarida yaxshi yashaydi, hatto ozuqa kam yaylovlarda ham yemish topadi.


Qo‘ylarning ko‘p kamerali oshqozoni 75 foizgacha dag‘al ozuqalarni o‘zlashtira oladi. Oziqlanish va sug‘orishda uzilishlar bo‘lganda ko‘pchilik qo‘y zotlari organizmida to‘plangan yog‘lar (quyruq, dumba) hisobidan energiya sarflaydi. Tadqiqotlarga ko‘ra, go‘sht uchun boqilayotgan qo‘ylar eng ko‘p ozuqani hayotining birinchi yilida yeydi.


Qo‘ylar 12-14 yil yashaydi, ammo xo‘jaliklarda foydalanish muddati 6-7 yil. Ular tez yetiluvchan hisoblanadi. Jinsiy yetilish 6-7 oylikda boshlanadi, lekin odatda 1,5 yoshda qochiriladi. Yetilgan yosh qo‘yning tana vazni katta ona qo‘y vaznining umumiy 75-80 foizini tashkil qilishi kerak. Qo‘ylarda jinsiy sikl (kuyga kelish davriyligi) o‘rtacha 15-20 kunni tashkil etadi. 100 bosh ona qo‘y o‘rtacha 100-150 bosh qo‘zi bolasini dunyoga keltirsa, romanov va fins qo‘y zotlari ko‘proq (100 bosh sovliqqa 250-300 yoki undan ziyod) bolalaydi. Bo‘g‘ozlik davri, ona qo‘yning yoshiga, semizlik darajasiga qarab, o‘rtacha 150 (ba’zi zotlarda 140-155) kun davom etadi.


Habibullo Hamdamov

Ask Facility loyihasining veterinariya va chorvachilik bo‘yicha konsultanti

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari