Paxtaning bahosi qancha?

#

Siz yetishtirayotgan paxtadan qanday mahsulotlar tayyorlanishini hisoblaganmisiz hech? Nima uchun paxta tolasidan tayyorlangan kiyimlar sevib kiyiladi? Gʻoʻza gulidan olingan asalni tatib koʻrganmisiz? Qoʻshimcha qiymat zanjiri turkumida paxta haqidagi shu kabi savollarga javob beramiz.

 

Dunyoning 84 ta mamlakatida 200 millionga yaqin aholi 32-33 million gektar yerga chigit ekib paxta yetishtirish va qayta ishlash bilan shugʻullanadi.

 

Oʻzbekiston paxta yetishtirish boʻyicha dunyoda Xitoy, Hindiston, AQSh, Pokiston va Braziliyadan keyin oltinchi oʻrinda turadi. Avvallari paxta tolasini eksport qilish boʻyicha Oʻzbekiston AQSh va Hindistondan keyin uchinchi oʻrinda turar edi. Keyinchalik paxtani oʻzimizda qayta ishlash sanoati rivojlanayotgani sayin oltinchi oʻringa oʻtdi.

 

Gʻoʻza texnik ekinlar ichida eng qimmatlisi hisoblanadi. U asosan tolasi uchun oʻstiriladi. Paxta tolasi keng miqyosda turli maqsadlarda ishlatiladi.

 

Umuman paxta xomashyosi va oʻsimlikning turli qismlari xalq xoʻjaligi uchun qimmatli xomashyo manbai boʻlib, undan 92 xil mahsulot ishlab chiqariladi. Bir tonna chigitli paxtadan 340-350 kg tola, 50-60 kg momiq va 600 kg chigit olinadi. Bir tonna chigitdan esa 170-220 kg moy, 380-400 kg kunjara, 50-60 kg momiq, 60 kg oʻsimlik oqsili, 300 kg sheluxa olinadi.

 

Paxta tolasining oʻziga xos elastiklik xususiyati boshqa tabiiy va sunʼiy tolalarda uchramaydi. Shuning uchun ham paxta toʻqimachilik dastgohlarida boshqa turdagi tolalar bilan yaxshi ulanadi. Paxta tolasidan toʻqimachilik sanoatida keng foydalanib, har xil gazlamalar toʻqilishidan tashqari, undan gʻaltak ip, arqon, chilvir, baliq tutadigan toʻr, tasma, transportyor lentalari, rezina shlanglar uchun maxsus toʻqimalar, filtrlar, elektr simlarining ustini oʻraydigan toʻqima va boshqalar tayyorlanadi.

 

Ayrim paxta navlariniig tolasidan avtomobil shinalarida qistirma (prokladka) uchun ishlatiladigan maxsus kord toʻqimasi tayyordanadi. Shuningdek, parashyut qilinadigan material, kirza va boshqa narsalar ishlab chiqariladi. Paxta tolasidan foydalanib sellyuloid, foto-kino lentalar, laklar, eng yuqori sifatli yozuv qogʻozlari va boshqa koʻplab buyumlar tayyorlanadi. Ipak gazmollarni toʻqishda paxta tolasini ularga aralashtirib ishlatish mumkin.

 

Paxta chigiti ham nihoyatda qimmatli mahsulot hisoblanadi. Tolasi ajratib olingan chigitning bir qismi ekish uchun, asosiy qismi esa xilma-xil mahsulotlar, xususan, moy olishda ishlatiladi.

 

Chigit moyi oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash va boshqa texnik maqsadlar uchun foydalaniladi. Tozalangan chigit moyi konserva sanoatida keng koʻlamda qoʻllaniladi. Shuningdek, undan margarin, kir sovun, atir sovun, texnika moyi, alif tayyorlashda ham foydalaniladi. Chigit moyidan glitserin, stearin va boshqa bir qancha mahsulotlar olinadi.

 

Nihoyat, gʻoʻza sershira (serasal) oʻsimliklardan hisoblanadi, gektaridan 100-200 kg asal olish mumkin. Shuning uchun gʻoʻza paykallari yaqinida bemalol asalarichilikni rivojlantirsa boʻladi. Lekin bunda gʻoʻza zararkunandalariga qarshi zaharli kimyoviy moddalar sepishda ehtiyot choralarini koʻrish shart.

 

Manba: https://agronet.uz/pakhtadan-mahsulotlar/

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari