Oʻsimliklarni uygʻunlashgan himoya qilish. U nega dehqonga ham, isteʼmolchiga ham kerak?

#

OʻUHQ degan qisqartma soʻz qishloq xoʻjaligi sohasida koʻp ishlatila boshlangan. Tan olish kerak, uning mazmunini biladiganlar, ayniqsa Oʻzbekistonda, uncha koʻp emas. Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligida boʻlayotgan yangiliklarga hatto jurnalistlar ham anchayin befarq boʻlib qolgan koʻrinadi, bu kabi yangi tushunchalarni oʻrganib, ishlatib boradigan jurnalistlarni va saytlarni qidirib topa olmadik.

 

Aslida bu tushuncha muhim ahamiyatga ega. U faqat fermerlarga emas, oddiy isteʼmolchilarga ham oid. Aynan mana shu tushuncha ortida yashiringan qishloq xoʻjaligi yangiliklari dasturxonimizga sogʻlom oziq-ovqat yetib kelishiga, sogʻligʻimiz yaxshilanishiga, umrimiz uzoq boʻlishiga xizmat qiladi.

 

Dehqonchilikda yerni, ekinlarni oʻgʻitlash, turli kimyoviy moddalar ishlatish odatiy hol, bunga oʻrganib qolganmiz. Sovet davrida dalalarga samolyotlardan kimyoviy moddalar sochilishini koʻp tanqid qilamiz, lekin zararli moddalardan hali ham toʻliq qutula olganimiz yoʻq.

 

Aslida dunyoda kimyoviy moddalarni dehqonchilikda kamroq ishlatish, bu moddalarning zararini kamaytirish boʻyicha ishlar juda koʻpdan beri olib boriladi. Mana shu ishlar OʻUQH degan bir qarashda tushunarsiz soʻz bilan aytiladi. Bu qisqartma toʻliq shaklda quyidagicha aytiladi: oʻsimliklarni uygʻunlashgan himoya qilish.

 

Oʻsimliklarni uygʻunlashgan himoya qilish (Integrated Pest Management) deganda zararkunandalarga qarshi kurashning eng yangi usullari tushuniladi. Bunda asosiy maqsad pestitsidlardan kamroq foydalanish, yaʼni oziq-ovqatga kamroq kimyoviy zarar yetkazish, shu bilan birga hosilni koʻproq olishdir.

 

OʻUHQ oddiy oʻgʻitlash, kimyoviy moddalardan foydalanishdan nimasi bilan farq qiladi? Avvalo, bunda kimyoviy moddalarni oʻylovsiz ishlatishga yoʻl qoʻyilmaydi, zarur miqdor aniqlanadi. Bundan tashqari, kimyoviy moddalar kamroq zarar berishi uchun yaxshilab boriladi, yaʼni ilmiy tadqiqotlarga asoslanib ish koʻriladi.

 

Shu joyda OʻUHQ amaliyoti ilm-fan bilan bogʻliqligi koʻrinadi. Qishloq xoʻjaligini doimiy oʻrganish, uning metodlarini, kimyoviy moddalarini oʻrganib, yaxshilab borish zarur boʻladi. Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi mana shunday yangi bilimlarni yoyish, joriy qilish, fermerlarga yordam berish uchun kerak.

 

Bundan tashqari, OʻUHQga amal qilinsa, tabiatga ham kamroq zarar yetadi.

 

Shunday qilib, bir qarashda tushunarsiz soʻzlar, qisqartma ortida hammamizga kerakli, muhim narsa bor.

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari