Kartoshkangizning sugʻurtasi bormi?

#

 Chet elda hamma narsani sugʻurtalashadiodamning hayotidan tortib, mashina, uy-joy, hatto kuchuk-mushuklarning sogʻligʻicha. Bu narsa biz oʻzbeklarga erish tuyuladi. Qaysidir aktrisa oʻzini bir milliard dollarga sugʻurtalagani qachonlardir katta shov-shuvga sabab boʻlgandi.

Oʻzi biz yo juda sodda, yo juda erinchoq xalqmiz: boshga balo kelsa oʻzimizdan koʻrib, borimizni sarflab, yetmaganiga qarindosh-urugʻdan qarz olib qoplavoramiz; sugʻurta xizmatidan foydalanishni, balki ortiqcha qogʻozbozlik tufaylidir, hech ep koʻrmaymiz. Bunga yana bir sabab, sugʻurta imkoniyatlaridan bexabarligimiz boʻlishi mumkin.

Toʻgʻri, texnika, mashinalarning sugʻurtasi haqida deyarli hamma yaxshi biladi va foydalanadi. Ammo siz kartoshka, karam kabi bir qator sabzavot ekinlaringiz, bogʻlardagi meva, uzumingizning hayotini sugʻurtalashingiz mumkinligi haqida bilasizmi? Agar javobingiz ijobiy boʻlsa, yashang! Agar bilmasangiz, agrosugʻurta (ekinlar boʻyicha) haqidagi quyidagi maʼlumotlar bilan tanishib chiqing.

Agrosugʻurta nima oʻzi?

Agrosugʻurta qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarni ehtimoliy ziyonlardan himoya qiladi. Oddiyroq aytganda, agrosugʻurtadan foydalansangiz, yetishtirayotgan mahsulotingiz hosili noqulay tabiat hodisalari, qattiq sovuq, qurgʻoqchilik va suv taqchilligi, kasalliklar va zararkunandalar, yongʻin va yashin urishi, uchinchi shaxslarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlaridan kabi holatlar tufayli nobud boʻlib, siz zarar koʻrgan taqdiringizda sugʻurta kompaniyasi sizga muayyan moliyaviy mablagʻni toʻlab, ziyoningizni qoplab beradi.

Bizda qanday sugʻurta kompaniyalari bor?

Oʻzbekiston agrosugʻurta bozorida kompaniyalar soni uncha ham koʻp emas. Xorijiy kompaniyalar ham negadir bizga kelishga ikkilanadi. Bizga maʼlum birinchi sugʻurta tashkiloti – “Uzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyati boʻlib, 1997-yildan beri faoliyat yuritmoqda. Agrosugʻurta bilan shugʻullanuvchi ikkinchi muassasa “Semurgʻ sugʻurta” AJ nisbatan yosh, 2020-yilda tashkil etilgan va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun nisbatan keng turdagi agrosugʻurta polislarini taklif etadi.

Men nimalarni sugʻurtalashim mumkin?

Semurgʻ sugʻurta” AJ paxta, gʻalla va boshoqli don ekinlari, poliz ekinlari, bogʻlar, tokzorlar kabi qishloq xoʻjaligi ekinlari hosili uchun sugʻurtalarni taqdim etadi.

Sugʻurtalash jarayoni qanday amalga oshiriladi?

Odatda, sugʻurta shartnomasini tuzish bogʻlarning qishki mavsumga kirishidan boshlanadi va 1 qishloq xoʻjalik yiliga tuziladi.

Agrosugʻurta uchun qanday hujjatlar kerak?

Sugʻurta kompaniyalarga qarab, hujjatlar biroz farqlanishi mumkin, lekin asosiylari quyidagilar:

  • ariza;

  • ekin maydoni;

  • joriy yilda rejalashtirilgan hosildorlik;

  • oxirgi 3 yilda olingan oʻrtacha hosildorlik;

  • yetishtirgan hosilni sotish boʻyicha buyurtmachi bilan tuzilgan shartnoma va h.k.

Bugungi iqlim sharoitida tavakkal qilmagan maʼqul, oʻrtoqlar. Yaxshisi, AKIS ekspertlariga yoki sugʻurta kompaniyalari bilan bogʻlanib, agrosugʻurta haqida maʼlumot oling va ekinlaringiz “hayoti”ni sugʻurtalang. Befarq boʻlmang!

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari