Go‘shtli qo‘ylarni qanday tanlash kerak? Ekspertdan maslahatlar

#

Qo‘ylar eng tez o‘sadigan hayvonlardan biri bo‘lib, ularni boqish serdaromad biznes hisoblanadi. To‘rt oylik qo‘zichoqlar bir yil davomida yetilgan qo‘zining 80-90 foiz vaznini yig‘ishga erishadi, o‘rtacha semirish miqdori 300 grammni tashkil qiladi. Qo‘ylar parvarish uchun alohida e’tiborni talab qilmaydi. Qo‘ylarning go‘sht mahsuldorligi ularning zotiga bog‘liq. Qoida sifatida, sifatli qo‘y va qo‘zichoq go‘shtini olish uchun go‘sht yo‘nalishidagi qo‘ylarni tanlaymiz.

 

Hisor zoti

 

Hisor – go‘sht-yog‘ uchun boqiladigan dag‘al junli dumbali zotlardan. Hisor qo‘ylari yaxshi immunitet va sabr-toqati bilan ajralib turadi, ular qishdan yozgi yaylovlarga 400-500 km yo‘l yurishlari mumkin.

 

Hisor zoti Tojikiston va O‘zbekistonda keng tarqalgan, ba’zi Rossiya viloyatlarida ham mavjud. Uning suyaklari mustahkam, oyoqlari quruq va uzun bo‘ladi. Qo‘chqorlarining tirik vazni 130-140 kg, sovliqlariniki 80-90 kilogrammga teng. Tana tuzilishi pishiq, ko‘kragi keng. Boshi katta, tumshug‘i shoxsiz do‘ng, quloqlari uzun. Dumbasining vazni 18-20 kg. Tusi, asosan, qo‘ng‘ir. Tez yetiladi. Olti oyligida 60 kg va undan ortiq tosh bosib, kuniga 500-600 gr vazn to‘plashi mumkin. Go‘sht chiqimi 58-60 foiz.

 

Hisor qo‘ylari juda yuqori sut mahsuldorligi bilan farqlanadi – ikki oy ichida 100-120 litrgacha sut beradi. Bu zotning alohida ajralib turgan jihatidan biri junli ekanida bo‘lib, undan kigiz va namat tayyorlanadi. Qo‘chqorlaridan 1,3-1,6 kg, sovliqlaridan 1,0-1,4 kg jun olinadi. Har 100 bosh sovliqdan 95-110 ta qo‘zi bolalaydi.

 

Romanov zoti

 

Romanov – eng qadimgi va keng tarqalgan qo‘y zotlaridan biri. Romanov sovliqlaridan besh va undan ortiq qo‘zi olinadi.

 

Serpushtlik va tez yetiluvchanlik xususiyatlari Romanov qo‘ylarini mamlakatimizda urchitishga qo‘l keladi – bir bosh ona qo‘y mavsumga qaramay ikki yilda uch avlod berishi mumkin. Yosh qo‘zilar 7-8 oyligida 35 kg, yetilganda 80-90 kg, sovliqlar 45-50 kg atrofida bo‘ladi. Bu qo‘ylar sut mahsuldorligi ham yuqori bo‘lib, bir bosh sovliq 100 kun davomida 7-8 foiz yog‘lilikda 100-110 litr sut sog‘ib olinadi.

 

Edilbayev zoti

 

Edilbayev –  XIX asrda Qozog‘istonda ko‘chmanchi chorvadorlar tomonidan yaratilgan qo‘y zoti bo‘lib, havo iqlimi o‘zgarishlariga moslashuvchan. Bu zotli qo‘ylar Rossiyaning janubiy cho‘l mintaqalari fermalari orasida juda mashhur, shuningdek, yirik turlarini Orenburg va Saratov viloyatlarida, Tatariston, Boshqirdiston va Krasnodar o‘lkalarida uchratish mumkin.

 

Katta yoshli qo‘y og‘irligi 100–120 kg, eng yetilgani 160 kilogrammgacha semiradi, ona qo‘ylar 65–75 kg, ba’zan 115 kg tosh bosadi. Qo‘zilari juda yaxshi o‘sadi, 3,5-4 oylik qo‘zilar 40-45 kg bo‘lishi mumkin.

 

Linkoln qo‘y zoti

 

Linkoln – go‘sht-jun uchun boqiladigan yarim mayin junli qo‘y zoti bo‘lib, XX asrda Angliyada yaratilgan. Qo‘chqorlari 130-160 kg, sovliqlari 100-120 kg bo‘ladi. Bu zotning qo‘chqorlari yiliga 10-12 kg, sovliqlari 5-6 kg jun beradi. Junining uzunligi 20-30 sm, bir xil, pishiq, 55-65 foiz sof jundan iborat. 100 bosh sovliqdan o‘rtacha 120 ta qo‘zi olinadi. Dag‘al junli va merinos sovliqlari bilan chatishtirilib, krossbred turidagi serjun mahsuldor duragaylar olingan.

 

O‘zbekistonda Linkoln qo‘ylari jaydari qo‘ylar bilan chatishtirilib, serjun-go‘shtdor duragay qo‘ylar ko‘paytirilmoqda. Bu duragaylar juni jaydari qo‘ylarning juniga qaraganda 2-2,5 marta ko‘p bo‘ladi.

 

Prekos zoti

 

Prekos – XIX asrda Fransiyada seleksiya qilingan, nemis analogi sifatida o‘sha vaqtda go‘sht merinosi sifatida mavjud bo‘lgan. Ushbu zot kuchli gavdasi va bochkasimon tana tuzilishi bilan ajralib turadi. Bo‘rdoqi qo‘ylarning tana og‘irligi 110-130 kg, sovliqlari ulardan ikki barobar kam – 58-67 kg vaznga ega.

 

Yangi tug‘ilgan prekos qo‘zilari taxminan 4-5 kg, to‘rt oyligida 30-35 kg vaznli bo‘ladi. Bu zot ko‘proq Krasnoyarsk hududida, Orenburg, Omsk, Bryansk, Tambov, Belgorod, Kursk va Voronej viloyatlarida yetishtiriladi, shuningdek Belarus va Ukrainada keng tarqalgan.

 

Dorper zoti

 

Dorper – Janubiy Afrikada 1930 yilda dorsetxorn va mahalliy dumbali qaraforsiy qo‘ylarini urchitish natijasida yaratilgan. Bu qo‘ylarning go‘shti juda yumshoq va mazali, mayin yog‘i muskullar va suyaklar orasida bir qatlamda tekis taqsimlanadi. Bo‘rdoqiga boqilayotgan qo‘ylarning tana og‘irligi 90-140 kg, sovliqlari 55-95 kg. Qo‘zilarining o‘sish sur’atlari tez – tug‘ilganda 2-5,5 kilogrammgacha bo‘lgan qo‘zichoqlar, to‘rt oylik davrida 26-65 kilogrammga yetadi va kuniga 450-730 gr vazn yig‘ishi mumkin.

 

Sovliqlari tez yetilib, 7-8 oyligidan bemalol qochirishga tayyor bo‘ladi. Sovliqlar birinchi qo‘zilashda bitta qo‘zi, keyingi safar 2-3 ta qo‘zilaydi. Ona qo‘y urug‘lanish uchun fasl tanlamaydi, yaxshi oziqlantirilsa yiliga ikki marta qo‘zilaydi.

 

Dorper qo‘ylari junsiz bo‘ladi, ammo terisi qalinligi tufayli past haroratda ham sovuq qotmaydi. Bu zotni oziqlantirish oson, chunki ularga past sifatli yaylovlar ham bo‘laveradi, o‘tlarni sinchiklab tanlab o‘tirmaydi. Dorper qo‘ylari go‘sht yo‘nalishidagi zotlarining eng yaxshisi hisoblanadi. Xar qanday iqlim sharoitiga moslashuvchan, bu zot vakillari ikki kungacha suvsizlikka chidaydi va ichki parazitlarga bardoshlidir.

 

Vandeys zoti

 

Bu zot qadimgi fransuz qo‘ylariga borib taqaladi. Qo‘chqorlar yag‘rinining balandligi 72-76 sm, og‘irligi 95-150 kilogrammgacha, sovliqlarining balandligi 65-72 sm, og‘irligi 60-110 kilogrammgacha bo‘lishi mumkin. Yangi tug‘ilgan qo‘zilar 4-6 kg bo‘lib, to‘rt oy davomida har kuni 250-400 grammdan vazn yig‘adi. Vandeys qo‘ylarining go‘shti yog‘siz marmar ko‘rinishida, yaxshi ta’mga ega. Qalin junga egaligi qo‘ylarning yomg‘irli va sovuq havo sharoitlariga chidamli bo‘lishini ta’minlaydi.

 

Svartbles zoti

 

Svartbles – Gollandiyada XX asrning 20-yillarida yaratilgan. Katta qo‘chqorlar yag‘rini balandligi 85-95 sm, vazni 90-130 kg, sovliqlari 75-82 sm, 75-100 kg vaznga ega. Ona qo‘ydan tug‘ilgan bitta qo‘zi 4-5,5 kg, ikki va undan ortiq qo‘zi 2,5-3,5 kg vaznli bo‘ladi. Qo‘zilarning kunlik vazni 400-600 grammga ortib, onasining yaxshi suti tufayli to‘rt oyda 32-45 kg tosh bosishi mumkin. Svartbles qo‘ylarining go‘shti yog‘siz, xushbo‘y va mazali bo‘ladi. Bu qo‘ylarning qalin juni ularni sovuq, shamol va namlikdan himoya qiladi.

 

Teksel zoti

 

Teksel – gollandiyalik fermerlar orasida juda mashhur go‘sht yo‘nalishidagi qo‘y zoti. Bu tur Rim davrida ham mavjud bo‘lib, bugungi ko‘rinishi XVIII asrga kelib shakllangan. Boshqa zotlardan farqli o‘laroq, teksel podada boshqa hayvonlar bilan birga o‘sishni yaxshi ko‘radi. Qo‘chqorlar yag‘rini balandligi 63-83 sm, vazni 90-140 kg, sovliqlar 58-75 sm, og‘irligi 65-125 kilogrammga teng. Yangi tug‘ilgan qo‘zining vazni 4-7 kg bo‘lib, to‘rt oyligida 36-60 kilogrammga yetadi.

 

Teksel qo‘ylari har qanday yoshda katta miqdorda mushak to‘qimalari, yaxshi so‘yish og‘irligiga ega. Ularning yengil marmar go‘shti tez pishadi va yoqimsiz yog‘lar ta’mi sezilmaydi.

 

Suffolk zoti

 

Suffolk – go‘sht-jun yo‘nalishidagi shoxsiz qo‘y zoti. U tinch temperamenti, kuchli mushaklari tufayli salbiy ob-havo sharoitiga oson moslashadi. Tanasi tillarang-sariq jun bilan qoplangan, boshi va oyoqlaridagi tuklar qora rangda. Suffolk qo‘chqorlari 4-5 kg, sovliqlari 3-3,5 kilogrammgacha jun berishi mumkin.

 

Suffolk juda katta va bo‘ydor qo‘y bo‘lib, taxminan 80 sm, tana og‘irligi 110-150 kg – bir kunda 200-380 gr semiradi, so‘yim chiqimi 55-60 foizga teng. Yuqori immunitetga ega, har xil kasalliklarga chidamli. Suffolk qo‘chqorlari urchitilganda o‘z xususiyatlarini saqlab qoladi, shu bois ularni boshqa zot vakillari bilan chatishtirib, mahsuldor, yuqori go‘sht ko‘rsatkichlariga ega krosslar yaratiladi. Ushbu zot serpusht – 100 bosh sovliq taxminan 130-190 ta qo‘zi beradi.

 

Odatda Suffolk qo‘ylari yil davomida har qanday iqlim sharoitiga, yaylovlarga yaxshi moslashadi. To‘g‘ri oziqlangan hayvonlar tanasida katta yog‘ zaxiralari yig‘ilib, qish oylarida yaylovlar qor va muz bilan qoplanganda, yozda o‘tlar va suv tanqisligi davrida qo‘l keladi.

 

Habibullo Hamdamov

Ask Facility loyihasining veterinariya va chorvachilik bo‘yicha ekspert

Tanlovli ekinlar

Tanlov chorva mollari